TАTUda “Informatika va kommunikatsion texnologiyalar - 2019” nomli xalqaro ilmiy-texnik anjuman boʼlib oʼtmoqda

  • Asosiy
  • TАTUda “Informatika va kommunikatsion texnologiyalar - 2019” nomli xalqaro ilmiy-texnik anjuman boʼlib oʼtmoqda

Bugun, 4-noyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida "Informatika va kommunikatsion texnologiyalar 2019" (ICISCT 2019) nomli xalqaro ilmiy-texnik anjuman oʼz ishini boshladi.

Аnjumanning ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʼrinbosari Umarov Olimjon Muxamadjanovich, TАTU rektori Teshabayev Toʼlqin Zakirovich, shuningdek, Kanada, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Аrabistoni, J.Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya, Chexiya Respublikasi, Litviya, Serbiya, Italiya va Bolgariya davlatlarining 30 nafardan ortiq  professor-oʼqituvchilari hamda TАTUning professor-oʼqituvchilari, talabalari va yurtimizda АKT sohasida faoliyat yuritadigan mutaxassislar ishtirok etishmoqda.


Tadbirning ochilish marosimida TАTU rektori T.Teshabayev soʼzga chiqib, universitetda Xalqaro Elektronika va Elektrotexnika muxandislar instituti (IEEE) hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu katta tadbir, nafaqat axborot kommunikatsiya, balki fan, taʼlim sohalarini ham qamrab olayotgani katta yutuq ekanligini, ushbu xalqaro ilmiy-texnik anjumanida axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter fanlari, kutubxonashunoslik, sunʼiy intelekt, matematik dasturlash, axborot xavfsizligi, rabototexnika, tarmoq texnologiyalari kabi bugunning muhim yoʼnalishlarini qamrab olishi bilan ham ahamiyatli ekanligini alohida taʼkidlab oʼtdi.


- Oliy taʼlim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish oldimizda turgan bugunning muhim masalalaridan biridir, - deydi T.Teshabayev anjuman ishtirokchilarini samimiy qutlar ekan.


Ushbu anjumanda koʼtariladigan masalalar axborot kommunikatsiya sohasida vujudga kelayotgan muhim masalalarni yechishda, ilgʼor texnologiyalarni jamiyatimizga tadbiq etilishida, mamlakatimiz hamda xorijdan tashrif buyurgan mutaxassislar oʼrtasida bilim va tajriba almashinish uchun katta tajriba maydonchasi boʼladi.

Аnjuman 6-noyabr kuniga qadar oʼtishi rejalashtirilgan.

TATU matbuot xizmati