21 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talaba-yoshlari ishtirokida “Giyohvandlik – asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik!” mavzusida tadbir oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi masʼul xodimi S.Jabborov ishtirok etdi.
Darhaqiqat, XXI asr inson uchun juda koʻp salbiy unsurlarni olib keldi. Terrorizm va diniy ekstremizm, giyohvandlik, qurol-yarogʻ, odam savdosi, fohishabozlik muammolari, missionerlar nayranglari shunday illatlar jumlasidandir. Soʻnggi yillarda narkomaniya bilan bogʻliq jinoyatlar jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa, yoshlar bu jirkanch illatning asosiy girdobiga tushmoqda. Hozirgi kunda yurtimizdagi barcha manfaatdor idora va tashkilotlar, keng jamoatchilik dunyo boʻyicha “Asr vabosi” deb tan olingan narkotik moddalarning gʻayriqonuniy aylanishiga qarshi kurashga keng jalb etilgan.
Tadbirda mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va uni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib, har yili geroin va boshqa narkotik tabletkalar isteʼmoli natijasida 200-220 mingga yaqin shaxslar hayotdan koʻz yumishi, dunyo aholisining 29 mln.ga yaqini geroin va kokain moddalarga qaram boʻlgan “muammoli giyohvandlar” ekanligi, ularni davolash bilan bogʻliq barcha sarf-harajatlar uchun dunyo yalpi ichki mahsulotining 0,3-0,4%, yaʼni, 250 mlrd AQSH dollari miqdorida mablagʻ zarur boʻlayotganligi taʼkidlandi.
Narkologik moddalarni isteʼmol qilgan shaxslarning shaxslar psixologik va tibbiy xolati, organizmidagi oʻzgarishlari toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtildi hamda giyohvand, tamaki va alkogol moddalarni isteʼmol qilishning zararli oqibatlari haqida statistik maʼlumotlar asosida yoshlarga keng tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida yigʻilganlarga mavzu yuzasidan tayyorlangan maxsus videofilm namoyish etildi. Tadbir soʻnggida talabalar oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.