Oʻtgan yili dekabr oyida Moʻynoq tumanida "Future Muynak" oʻquv-amaliyot markazi tashkil qilindi. Markaz yanvar oyidan bugungi kunga qadar Moʻynoq yoshlariga animatsiya-dizayni, Web-dizayni, video va kino mahsulotlarini ishlab chiqish, kompyuter oʻyinlarini ishlab chiqarish yoʻnalishlari boʻyicha bepul taʼlim berdi.
Yangi oʻquv yilida markazda:
1️⃣ Web texnologiya,
2️⃣ 3D modellashtirish,
3️⃣ grafika boʻyicha oʻquv kurslari tashkil qilingan.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Nukus filiali direksiyasi kurslarga oʻquvchilarni keng jalb etish maqsadida tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli maktablarning direktorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda TATU Nukus filiali direktori, t.f.d. B.Kaipbergenov soʻzga chiqib, informatsion va telekommunikatsiya texnologiyalarining bugungi kundagi ahamiyati va vazifalariga toʻxtab oʻtdilar.
Soʻng, TATU Nukus filiali "Axborot xavfsizligi" kafedrasi mudiri, PhD E.Babajanov oʻquv kurslarining oʻqitilish jadvali, tartibi va mazmun-mohiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar berdi.
Eng asosiysi, IT kurslarda maktab oʻquvchilari bepul oʻqitiladi. Har bir mashgʻulot amaliyot bilan bogʻlangan holda olib boriladi.
Maʼlumot uchun, "Future Muynak" markazidagi IT-Centre blogi informatsion texnologiyalarni oʻrganishga ixtisoslashgan boʻlib, markazdagi oʻquv kurslari on-line va anʼanaviy shaklda tashkillashtirilgan.
TATU matbuot xizmati