
Erasmus+ dasturining “Oliy taʼlim sohasida salohiyatni oshirish” yoʻnalishida amalga oshirilayotgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti grandholder sifatida bajarilayotgan DEBSEUz loyihasining navbatdagi bosqichi Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan Universidad Politécnica de Madrid (UPM) (TOP-100) universitetida boʻlib oʻtmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi - Yevropa davlatlarining qayta tiklanuvchi energiya, xususan quyosh energiyasi sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, o‘quv dasturlarini tahlil qilish va ularni O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga moslashtirishdir.
Loyihaning ushbu bosqichida UPMning zamonaviy texnik bazasi bilan tanishuv, quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha yangi texnologiyalar, muqobil energiyaga asoslangan texnik yechimlar bo‘yicha seminarlar, shuningdek, ekologik barqarorlik va quyosh panellarini qayta ishlash bo‘yicha muhim ma’ruzalar tashkil etilmoqda.
Ushbu tadbirda Yevropaning qator yetakchi OTMlari jumladan, Italiyaning POLITO, Portugaliyaning UEVORA va Ispaniyaning UPM kabi universitetlari vakillari, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan yetakchi muhandislik OTMlari ishtirokchilari qatnashmoqda.
Loyiha doirasida yangi bakalavriat kurslarini ishlab chiqish va akkreditatsiyadan o‘tkazish, quyosh energiyasi bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etish, zamonaviy laboratoriyalar va trening markazlarini tashkil qilish, loyiha boshqaruvi, sifat monitoringi va keng jamoatchilikka tarqatish kabi masalalar bo‘yicha uchrashuvlar rejalashtirilgan.
DEBSEUz loyihasi O‘zbekiston va Yevropa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion ta’lim dasturlarini joriy qilish va barqaror kelajak sari muhim qadamlarni belgilashda muhim o‘rin tutmoqda.