
2024-yil 12-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-430-sonli qaroriga asosan, hududlarda AKT sohasida malakali kadrlar tayyorlashni rivojlantirish maqsadida Zarafshon shahrida TATU Zarafshon fakulteti tashkil etilishi rejalashtirildi. Ushbu qaror, ayniqsa, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida istiqomat qiluvchi 150 ming nafarga yaqin aholi uchun oliy ta’lim olish imkoniyatlarini yaqin hududda yaratishga qaratilgan.
🏛 Bugun, 5-may kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining rektor boshchiligidagi ishchi guruhi Navoiy viloyati Zarafshon shahriga tashrif buyurib, fakultet faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Fakultet joylashadigan binolar ko‘zdan kechirilib, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yoshlarni IT sohasi bo‘yicha ta’limga jalb etish bo‘yicha maqsadli vazifalar belgilandi.
🗒 TATU Zarafshon fakulteti 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlaydi. Talabalar uchun ta’lim masofaviy shaklda olib boriladi va universitetning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etiladi.