Muddatli harbiy xizmatni otagan abiturientlarni qabul qilish

  • Asosiy
  • Muddatli harbiy xizmatni otagan abiturientlarni qabul qilish

19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2005 yil 31 oktyabrdagi PQ-213-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

Mazkur qarorga binoan belgilangan imtiyoz harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega shaxslarga beriladi va O‘zbekiston Respublikasining istisnosiz barcha oliy ta’lim muassasalarida ta’limning hamma yo‘nalishlariga joriy etiladi.

Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, biroq tanlov davomida (test sinovi) kerakli ball to‘play olmagan muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abiturientlar o‘qishning pedagogika, qishloq xo‘jaligi, tabiiy-ilmiy va texnik yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Harbiy qism qo‘mondonligining to‘planishi mumkin bo‘lgan ballar miqdorining 25 foizini qo‘shish imtiyozi beriladigan tavsiyanomalar bilan hujjat topshirgan fuqarolar ro‘yxatini Davlat test markazi 23 iyulda tasarrufida harbiy qismlar bo‘lgan vazirliklar va idoralarga ikki kun muddatda tasdiqlash uchun taqdim etadi.

Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan abiturientlar haqidagi ma’lumotlarni ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili, javoblar varaqasi raqami ko‘rsatilgan holda belgilangan shakllar bo‘yicha Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun 1 avgustda taqdim etadilar.