Kirish imtihonlarini qabul qilish tartibi

  • Asosiy
  • Kirish imtihonlarini qabul qilish tartibi

O‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarini qabul qilish
TARTIBI

1. Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan oliy ta’lim muassasalarida, Davlat komissiyasi bilan kelishgan holda, qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi.

Bu ta’lim yo‘nalishiga arizalar faqat umumiy o‘rta ta’lim muassasasini yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini ko‘rsatilgan tillarda bitirgan abiturientlardan qabul qilinadi.

2. Ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy imtihonlar va test sinovlari asosida qabulni amalga oshiruvchi oliy ta’lim muassasalari ko‘rsatilgan holda o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxatini, kasbiy imtihonlar va test sinovlari fanlarini Davlat komissiyasi belgilaydi.

3. Savollar mazmuni va imtihonlar topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari dasturlariga qat’iy muvofiq bo‘lishi lozim.

4. Abiturientlardan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni qabul qilish uchun oliy ta’lim muassasasida belgilangan tartibda fanlar bo‘yicha imtihon komissiyalari tashkil etiladi.

Oliy ta’lim muassasasi idoraviy bo‘ysunishiga qarab vazirlik (idora) bilan kelishilgan holda fanlar bo‘yicha imtihon komissiyalarining raisligiga nomzodlarni o‘z vaqtida tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

Imtihonlar tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

Imtihonlarga ajratiladigan vaqt oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

5. Imtihonlar test sinovlari majmualaridagi fanning egallagan o‘rniga qarab (tegishli ravishda 111,6 ball, 75,6 ball yoki 39,6 ball) belgilangan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oralig‘ida, yagona ko‘p balli tizim bo‘yicha baholanadi.

Imtihonlarni baholash mezonlari, har bir fanga ajratilgan umumiy ballar doirasida, oliy ta’lim muassasasining imtihon komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin, abiturientlar e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan imtihon olinadigan fanlar dasturi, ularni baholash mezonlari, maslahatlar va imtihonlar jadvalini ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va tegishligiga qarab oliy ta’lim muassasalariga yetkazadi.

6. Imtihonlar yakunlari ballar miqdori sifatida, tanlov tartibida imtihon varaqasiga va imtihon ro‘yxatiga kiritiladi. Bu hujjatlarning har biri fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi.

Imtihonlar natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi belgilangan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tasdiqlangan o‘rinlar kvotasiga tanlov o‘tkazadi.

7. Jadval bo‘yicha imtihonga kelmagan abiturientlar navbatdagi imtihonni topshirishga kiritilmaydi.

8. Oliy ta’lim muassasasida kasbiy imtihonlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda norozilik (appelyatsiya) komissiyasining ishi tashkil etiladi.

9. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar adolatli va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat oliy ta’lim muassasasi rektori va qabul komissiyasi mas’ul kotibi zimmasiga yuklanadi.