Axborot-kutubxona tizimlari

  • Asosiy
  • Axborot-kutubxona tizimlari

Kafedra mudiri:

t.f.f.d., PhD Normatov Sherbek Baxtiyorovich

Qabul vaqti: Dushanba-Chorshanba (14:00-15:00)
Telefon: (+99871) 238-65-78
 

AXBOROT-KUTUBXONA TIZIMLARI KAFEDRASINING MAQSADI

Ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish — bularning barchasi respublikaning axborot-kutubxona va arxiv sohalari ehtiyojlari shuningdek, yangi raqamli texnologiyalari taraqqiyotidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Biz Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rinni egallash maqsadida mavjud salohiyatdan samarali foydalanamiz.

Kafedra professor-o‘qituvchilar tarkibining faoliyati jamiyatni axborotlashtirish sharoitida samarali ishlay oladigan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt usullari va tizimlari, an’anaviy hamda elektron axborot resurslarini yaratish, rivojlantirish va qo‘llash orqali ilm-fan, madaniyat, ta’lim va biznesni taraqqiy ettirishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.

 

KAFEDRA KIMNI TAYYORLAYDI?

Axborot-kutubxona tizimlari kafedrasi axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish, shuningdek turli muassasalar (jumladan, kutubxonalar, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar) uchun axborot xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi.

Universitetni tamomlagan bitiruvchilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy malakaga ega bo‘ladilar:

  1. Turli faoliyat sohalarida, shu jumladan kutubxona va arxiv tizimlarida axborot xizmati mutaxassisi;
  2. Ilmiy va ta’limiy ma’lumotlarni izlash jarayonlari uchun (sun’iy intellekt va RFID texnologiyalari asosida) axborot tizimlarini ishlab chiquvchi mutaxassis;
  3. Kutubxonalar, muzeylar, arxivlar hamda boshqa sohalar uchun ma’lumotlar bazalarini ishlab chiquvchi mutaxassis;
  4. Ilmiy, ta’limiy va ijtimoiy axborotni tahlil qiluvchi mutaxassis, shuningdek ilmmetrik va bibliografik ko‘rsatkichlar hamda tashkilotlar reytinglarini tahlil qilish bo‘yicha mutaxassis;
  5. Dunyoning yetakchi nashriyotlari va axborot agregatorlari ma’lumotlar bazalari bilan ishlash bo‘yicha navigator-mutaxassis;
  6. Yuqori texnologiyali kompaniyalarda faoliyat yurituvchi axborot maslahatchisi.

KAFEDRA TARIXI

O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining 2012-yil 4-iyundagi PQ-1771 son Qarori asosida Toshkent Davlat madaniyat instituti Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik talim yo‘nalishi hamda  Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik, Hujjatshunoslik va arxivshunoslik magistratura mutaxassisliklari 2012-2013-o‘quv yilidan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘tkazildi. Universitetda 2012-yil 1-avgustdan boshlab Kasbiy ta’lim fakulteti tarkibida Axborot-kutubxona tizimlari kafedrasi tashkil etilib, Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi mazkur kafedraga biriktirildi.

Kafedrada o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarining shakllanishi va rivojlanishida t.f.d. prof. M.A.Rahmatullayev, p.f.n., professor B.I.Ganiyeva, t.f.n. dotsent U.F.Karimov, p.f.n. dotsent M.X.Maxmudov, katta o‘qituvchi A.M.Alimova, t.f.n. dotsent A.M.Xundibayev, S.R.Arakelovlar salmoqli hissa qo‘shdilar. Shuningdek kafedrada p.f.n. dotsent X.Mamatraimova, O.O.Ishniyazov, Sh.Sh.Maxmudov, F.T.Shodmonova, G.A.Djalilova, I.B.Mamatkulov, Sh.M.Muxammadjonov, O‘.U.Karimovlar faoliyat yuritganlar.

Kafedrada 2012-2023-yillarda professor B.I.Ganiyeva rahbarlik qilgan bo‘lsa, hozirda PhD Sh.B.Normatov kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi:

60320400 – Kutubxona-axborot faoliyati (Axborot-kutubxona texnologiyalari) ta’lim yo‘nalishi,

 

Magistratura mutaxassisligi:

70320402 – Kutubxona axborot faoliyati magistratura mutaxassisligi

 

Doktorantura ixtisosligi:

05.01.09 – Hujjatshunoslik. Arxivshunoslik. Kutubxonashunoslk” doktorantura ixtisosligi

 

KAFEDRADA O‘QITILADIGAN FANLAR

Bakalavriat:

  • Axborot kutubxona ilmiga kirish
  • Axborot ilmi asoslari
  • Kataloglashtirish va klassifikatsiyalash
  • Kolleksiyalarni yaratish
  • Kutubxonalar uchun ma’lumotlar bazasini loy-sh
  • Maktab kutubxonalari
  • Bolalar va o‘smirlar uchun axborot resurslari
  • Metama’lumotlarni yaratish
  • Elektron kutubxona yaratish
  • Kutubxonalarni boshqarish
  • Axborot qidiruv tizimlari
  • Kutubxona xizmatlarni raqamlashtirish
  • Avtomatlashtirilgan kutubxonalarni boshqarish
  • Ommaviy kutubxona xizmatlari
  • Raqamli arxivlarni yaratish va boshqarish
  • Fanlar bibliografiyasi
  • Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari
  • Axborot siyosati va tahlili

 

Magistratura mutaxasisligi:

  • Jahon axborot resurslar
  • Axborot kutubxona xizmati nazariyasi va uslubiyati
  • Ilmmetriya
  • Axborot kutubxona va arxiv tizimlarini loyih-sh
  • Kutubxonashunoslik, arxivshunoslik tadqiqotlarini tashkil etish metodikasi
  • Kutubxona axboroti va foydalanuvchilari tahlili
  • Bilimlarni boshqarish

 

KAFEDRANING PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR TARKIBI:

  • Normatov Sh.B., kafedra mudiri, dotsent, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD;
  • Raxmatullayev M.A., professor, texnika fanlari doktori;
  • Ganiyeva B.I., professor, pedagogika fanlari nomzodi;
  • Arakelov S.R., katta o‘qituvchi;
  • Raximova Sh.A., dotsent , sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD;
  • Bekkamov Fayzi Absoatovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD;
  • Anufriyeva Y.G., katta o‘qituvchi;
  • Ziyodullayeva G.E., katta o‘qituvchi;
  • Abduzoirov Sh. N, katta o‘qituvchi

 

KAFEDRANING YUTUQLARI:

  • Kafedra professorlari B.Ganiyeva va M.Raxmatullayev “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishgan.
  • Kafedra professorlari B.Ganiyeva va Raxmatullayev Elsevier kompaniyasining Scopus Award – 2018 mukofoti doirasida O‘zbekistonning eng yaxshi olimlari  safidan o‘rin olishgan.
  • 2023 yilda kafedra UNESCO-ICHEI tomonidan e’lon qilingan qiymati 70 ming AQSH dollariga teng “TUIT SMART Classroom” grantini qo‘lga kiritishdi. “TUIT SMART Classroom” negizida oliy ta’limni raqamli transformatsiya qilish Milliy markazi tashkil etildi.
  • Yevropa Ittifoqining TEMPUS (145021-Tempus-UK-JPCR) dasturi doirasida “New master program for Library information science” Axborot kutubxona sohasida yangi magistrlik dasturlari loyihasi (2009-2013 yy.);
  • Gyote instituti bilan hamkorlikdagi “Islohotlar davrida O‘zbekiston kutubxonachilarining malakasini oshirishga ko‘maklashish” loyihasi (2012 y.);
  • eIFL (electronic information for libraries), Xalqaro kutubxona konsorsiumi IP (EIFL-IP: copyright and libraries) “Elektron nashrlarga oid mualliflik huquqlari” mavzusidagi loyihasi (2014 y.);
  • O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Elektron kutubxonalar va korporativ axborot tarmoqlari” o‘quv laboratoriyasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy loyihasi (2016 y.);
  • Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi “TechReh Technology in Rehabilitation” (Project number: 561621-EPP-1-2015-1-IT-EPPKA2-CBHE-JP) xalqaro loyihasi (2015-17 yy.);
  • O‘zbekiston Respublikasi FA kutubxonasi bilan hamkorlikda PZ-20170929262-raqamli “Jamiyatimizda kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatini oshirishning pedagogik va psixologik usullarini takomillashtirish” mavzusidagi amaliy loyiha (2018-20 yy.);
  • Yevropa Ittifoqining Erasmus+ №2018-1-IT02-KA107-047213 Credit mobility xalqaro almashinuv loyihasi (2018-19 y.);
  • 33/23 F – “Sun’iy intellekt asosida fan va ta’limga oid axborot manbalarini foydalanuvchi ehtiyojlariga ko‘ra tavsiya etish tizimini yaratish” loyihasi (2023 y.)

 

Axborot -kutubxona tizimlari kafedrasida ilmiy tadqiqot olib borgan va professor M.A.Raxmatullaev rahbarligida texnika fanlari tarmog‘i bo‘yicha himoya qilgan yetakchi olimlar: professor  Mo‘minov  Bahodir  Boltaevich (DcS), Jasur Atadjanov Abdusharibovich (DcS), Normatov Sherbek Baxtiyorovich (PhD), Karimov O‘ktam Ulug‘bekovich (PhD), O‘rinkulov Odiljon Naziraliyevich (PhD), Bekkamov Fayzi Absoatovich (PhD).

 


 

KAFEDRANING ILMIY-O‘QUV LABORATORIYALARI

“Elektron arxivlar” ilmiy-o‘quv laboratoriyasi

 

Mazkur laboratoriyaning maqsadi — elektron arxivlarni yaratish va boshqarish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, ilmiy tadqiqotlar darajasini rivojlantirish, hamda o‘quv jarayonida zamonaviy texnik va dasturiy vositalardan foydalanish orqali arxiv jarayonlarini avtomatlashtirishdir.

 

“Integrallashgan kutubxona tizimlari” ilmiy-o‘quv laboratoriyasi


Laboratoriyaning maqsadi — yuqori malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini va ilmiy tadqiqotlar darajasini oshirish, shuningdek, kutubxona jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish va ilmiy-ta’lim hamda ilmiy-texnik axborotni qidirishni intellektual qilish sohasida zamonaviy texnik va dasturiy vositalardan foydalanish orqali ta’lim jarayoni va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishdir.

“DAZZLEVIEW SMART CLASSROOM”


Ushbu SMART CLASROOM UNESCO-ICHEI, Xitoyning DAZZLEVIEW kompaniyasi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU bilan hamkorlikda yaratilgan bo‘lib, uninng maqsadi oliy ta’limni transformatsiya qilish sharoitida, o‘qitishda sun’iy intellektdan foydalanish, o‘qituvchilar uchun mikrokurslarni tahkil etish, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amaliyotlarni o‘tkazishdan iborat.

 

KAFEDRANING ILMIY-TADQIQOT ISHLARI

Kafedraning asosiy ilmiy yo‘nalishlari:

Kafedra fan va texnologiya, shuningdek, aholi axborot xizmatini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirishga mo‘ljallangan.

Asosiy ilmiy yo‘nalish:

Ilmiy va ta’limiy axborotni qidirish jarayonlarini optimallashtirish usullari va vositalarini tadqiq qilish va ishlab chiqish.

Texnik yo‘nalish:

  • Ilmiy va ta’limiy axborotlarni qidirish tizimlarida sun’iy intellektni qo‘llash;
  • Axborot-kutubxona va arxiv muassasalarining korporativ tizimlari va tarmoqlarini yaratish;
  • Kutubxonalar va arxivlar faoliyatini kompleks avtomatlashtirish.

Pedagogik yo‘nalish:

  • Raqamli transformatsiya davrida zamonaviy kutubxonashunoslik va arxivshunoslik;
  • Raqamlashtirish davrida kutubxona va arxiv mutaxassislarining kompetensiyalarini rivojlantirish;
  • Ilmmetriya, dunyo axborot resurslarida navigatsiya, kutubxona va arxivlarda sun’iy intellektni qo‘llash, shuningdek, kutubxona, arxiv va muzeylar uchun axborot tizimlarini loyihalash fanlarini o‘qitish metodikasi.

Aralash yo‘nalish (texnik va pedagogik):

  • Ilmmetrik, bibliometrik va vebometrik tadqiqotlar;
  • Yuqori malakali PhD va DC mutaxassislarini tayyorlash: 05.01.09 – Hujjatshunoslik, Arxivshunoslik, Kutubxonashunoslik;
  • Yetakchi LIS kafedralari bilan hamkorlikda qo‘shma PhD dasturlarini amalga oshirish (top-300 oliy ta’lim muassasalari orasidan tanlangan). Qo‘shma PhD dasturlarida PhD talabalarning qisqa muddatli partner universitet kampusida almashinuvi va PhD rahbarlarining uzoq muddatli (3 yilgacha) almashinuvi ham ko‘zda tutilishi mumkin.

 

 

 

KAFEDRANING ILMIY VA AMALIY HAMKORLARI

  • Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi;
  • UNESKO shafeligidagi Oliy taʼlim innovatsiyalari xalqaro markazi (UNESCO-ICHEI);
  • DAZZLEVIEW kompaniyasi (Xitoy);
  • Toshkentdagi Yevropa Ittifoqi Erasmus+ milliy ofisi;
  • Sankt-Peterburg Politexnika universiteti;
  • Qozog‘iston davlat ayollar pedagogika universiteti;
  • ElinePress kompaniyasi (O‘zbekiston);
  • ProInfo kompaniyasi (O‘zbekiston).

KAFEDRA ILMIY SEMINARI

Kafedrada “Fan va ta’limga oid ma’lumotlarni intellektual qidirish” mavzusida ilmiy seminar faoliyat yuritadi. Seminarning maqsadi fan va ta’limga oid ma’lumotlarni qidirishni intellektuallashtirish sohasida nazariy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek turli sohalarda, jumladan axborot-kutubxona, arxiv va ta’lim sohalarida sun’iy intellekt tizimlarini yaratish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishdan iborat.

Seminarda Axborot-kutubxona tizimlari kafedrasi, boshqa kafedralar hamda tashkilotlarning doktorantlari va tadqiqotchilari ishtirok etib, quyidagi mavzular bo‘yicha muhokamalar olib boriladi:

  • Dissertatsiyalar, boblar, paragraflar va ilmiy-amaliy natijalar;
  • Ilmiy maqolalar;
  • Ilmiy va amaliy loyihalar.

Seminar raisi: Professor M.A. Raxmatullayev.

Kafedra manzili: TATU, B bino, 5-qavat, 509-xona.

Kafedraning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi:

https://t.me/kutubxonatizimlarikafedrasi

https://www.facebook.com/profile.php?id=61587513093115

 

 

 

So‘nggi yangilanish: 18.02.2026 19:00