

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida haftaning payshanba kuni Yoshlar kuni munosabati bilan talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Toshkent shahar prokurori A.Urmanov hamda Yunusobod tumani hokimi A.R.Saidaliyev hamda tuman hokimligi va prokuratura organlari xodimlari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida yoshlar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari, tashabbuslari hamda dolzarb masalalari tinglandi.
Tadbirda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish va tashabbuslarini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddi rahbarlardan batafsil javob oldilar.
Mazkur uchrashuv yoshlar va davlat organlari o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, talabalarning taklif va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undashga xizmat qildi.