TATU rektorining Vatan himoyachilariga bayram tabrigi

  • Asosiy
  • TATU rektorining Vatan himoyachilariga bayram tabrigi
Hurmatli ofitser va kursantlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar!


Barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
1992 yil 14 yanvarda mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim qadam qo‘yilib, shu kundan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu tariqa Vatan himoyachilari kuni ozod va erkin xalqimizning yangi, muqaddas bir bayrami sifatida nishonlanib, yildan-yilga odamlarimizning ko‘nglidan, ichki dunyosidan chuqur joy olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan o‘tgan davr mobaynida Qurolli Kuchlar murakkab shakllanish yo‘lini bosib o‘tib, bugungi kunda son jihatdan ixcham, harakatchan, zamonaviy talablarga javob beradigan, yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan armiya sifatida o‘zini namoyon etib kelmoqda.
Hukumatimiz rahbarligida o‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli va mohiyatan ulkan ishlar amalga oshirildi. Avvalo, harbiy soha islohotlari bilan bog‘liq strategik maqsadlarga erishishning muhim huquqiy poydevori bunyod etildi.
Qurolli Kuchlarimizning izchil isloh etilishi natijasida prinsipial yangi tashkiliy-shtat tuzilmalari, harbiy boshqaruv tizimlari, turli qo‘shin turlari harakatlari muvofiqlashtirildi va ularning hamkorligini ta’minlash mexanizmlari shakllantirildi, harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi va ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi tubdan yaxshilandi.
Harbiy ta’lim sohasida olib borilgan izchil islohotlar xozirgi kunda o‘z samarasini bermoqda. Harbiy bilim yurtlari va ulardagi fakultet hamda kafedralar soni oshganligi, Qurolli Kuchlarimiz akademiyasi tashkil etilganligi, istiqlolimizning mevasi bo‘lgan serjantlar tayyorlash maktablarini bitirayotgan professional va har tomonlama yetuk serjantlarimiz hozirgi kunda armiyamizning haqiqiy suyanchi va tayanchiga aylanganidan har qancha faxrlansak arziydi. Endilikda serjant deganimizda oddiy askarlarning ustozi, ofitserlarning eng yaqin ko‘makchisi, xarbiy xizmatni o‘ziga kasb deb, o‘z hayotining taqdiri deb biladigan jasur o‘g‘lonlarimizni tushunamiz.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganlaridek, “Armiyani tom ma’noda armiya qiladigan, har qanday murakkab vaziyat va sinovlardan yorug‘ yuz bilan chiqishiga asos bo‘ladigan, uning jangovar qudrati va harbiy mahoratini yuksaltiradigan kuch bu – armiya saflarida xizmat qilayotgan insonlardir”.
Bu borada Qurolli Kuchlar safiga universitet maxsus fakulteti va harbiy kafedrasining radiotexnika, radioaloqa va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida yetishtirib berayotgan harbiy mutaxassislarining o‘rni ham ahamiyatga ega. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti ham o‘tgan 25 yil faoliyati davomida mustaqil yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlarda faol ishtirok etib, bugungi kunda Qurolli Kuchlar safiga axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari yo‘nalishida yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlab kelmoqda. Fakultet moddiy-texnika bazasi zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari asosidatakomillashtirildi, o‘quv jarayoni davlat ta’lim standartlari mezonlari asosida tashkillashtirildi, axborot resurslari bazasi hamda shaxsiy tarkibning maishiy qo‘llab-quvvatlash tizimi tashkillashtirildi.
Hukumatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborini alohida e’tirof etgan holda Maxsus fakultet va harbiy kafedra shaxsiy tarkibining mas’uliyatli va yuqori darajadagi kasb mahorati bundan buyon ham qo‘yilayotgan vazifalarning a’lo darajada bajarishga ko‘maklashadi.

Aziz do‘stlar!

Mamlakatimizda xalqimiz uchun ulug‘ va muqaddas bayramlardan biri bo‘lgan “Vatan himoyachilari” kuni hamda Qurolli Kuchlarimizning 26 yillik ayyomining keng shodiyonasi arafasida Siz ofitserlar, serjantlar, kursantlar va butun xizmatchilarni hamda faxriylarimizni qutlug‘ bayram – “Vatan himoyachilari kuni” va Qurolli Kuchlarimizning 26 yillik ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Vatanimizning tinchligi, mustaqilligimizning barqarorligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashlash xamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek mashaqqatli, lekin sharafli xizmatlaringizda sihat-salomatlik, baxtu saodat, omadlar tilayman!