Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizovning buyrugʻiga koʻra, Xakim Muhitdinov Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi, shu bilan birga u universitet prorektori lavozimini ham egalladi. Bu haqda mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xakim Muhitdinov 1960 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent. Mehnat faoliyatini Respublika markaziy telegrafi muhandisi sifatida boshlagan boʻlib, turli yillarda “Xalqaro telekom” AK, “Oʻzbektelekom” AK rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2015—2017 yillar davomida Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga rektorlik qilgan. 2017 yildan 2018 yilning avgustiga qadar “Oʻzbektelekom” AK filialining direktori lavozimida ishlagan.
Shuningdek, mudofaa vazirining buyrugʻi bilan Agʻzam Izbosarov Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Aloqa boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Agʻzam Izbosarov 1962 yilda Navoiy viloyatida tugʻilgan. Texnika fanlari nomzodi. Mehnat faoliyati davomida “Xalqaro telekom” OAJ direktori oʻrinbosari, “Xalqaro aloqa uzeli” OAJ bosh direktori oʻrinbosari, “Pochta va telekommunikatsiya” agentligi direktori oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.
2016—2017 yillarda “Sanray Solyutions” kompaniyasi raisi, 2017—2018 yillarda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyasi rahbari sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston mudofaa vazirining buyrugʻi bilan har ikki yangi rahbarga mayor harbiy unvoni berildi.