“Xotira – aziz, qadr – muqaddas”

6 may kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 7-may – “Aloqachilar kuni” hamda 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” ga bag‘ishlab, “Xotira – aziz, qadr - muqaddas” mavzusida uch avlod uchrashuvi tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda mehnat fronti faxriylari, Afg‘on urushida ishtirok etib, hozirda universitetda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va xodimlar, universitetda ko‘p yillar davomida mehnat qilib hozirda nafaqada bo‘lgan faxriylar taklif etildi.
Xotira shunday ruhiy-ma’naviy qudrat-ki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish va istiqbol bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir. Xotira tiniqligi – tuyg‘ular tiniqligi, xotira yorqinligi – ruh yorqinligi, xotira tozaligi – hayot tozaligi, o‘ylar, orzu-maqsadlar, intilishlar pokizaligidir. “Xotira va qadrlash kuni” milliy urf-odatlarimizga mos holda marhumlarni yod etish, tiriklarga sevinch ulashish kabi qadriyatlar qatoridan joy oldi.
O‘tganlarning nomlarini yod etish, xotirasini hurmat bilan eslash, ularning arvohlarini shod qilish muqaddas odat sifatida qon-qonimizga singib ketgan. Universitetda ko‘p yillar davomida mehnat qilib, hozirda nafaqada bo‘lgan faxriylar va hozirda faoliyat yuritayotgan faxriy ustozlarimiz mehnati va matonati oldida bosh egamiz.
Bu borada Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ko‘p yillar davomida mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan faxriylarimizni yodga olmasdan ilojimiz yo‘q. Ular qatorida Anvar Islomov, Faradey Abutaliyev, Rishad Sunselelev, Maxkam Kamolov, Majidullo Aripov, Marat Zaxidov, Erkin Nuriddinov, Xabib Tursunov, Mansur Ismailov, Maxmud Xaliulin, Mixail Astaxov, Nikolay Likonsev, Nikolay Vaulin, Maqsud Zuparov, Abdulla Abdunabiyev, Shodmon Nazirov, Toxir Gaipnazarov, Amanjan Abduazizov kabi fidoiy insonlar xotirasi oldida bosh egamiz.
Tadbirda ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan baynalminalchi faxriylar va mehnat fronti faxriylari Satayev Jamaliddin Abdumo‘minovich, Yusubaliyev Savron Sarmanovich, front ortida mehnat qilgan faxriylar: Muslimov Sher Yuldashevich, Pojitnыx Mariya Alekseyevna, Djumanov Jamoljon Xudoyqulovich larga 1 000.000 so‘mdan mukofot puli va esdalik sovg‘alari hamda universitetda ko‘p yillar davomida mehnat qilgan faxriylarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbirdan so‘ng, “Bir piyola choy ustida...” bayram dasturxoni yozilib, barcha bayram qatnashchilari, universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlariga osh tarqatildi.