Xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan “Lider qizlar” klubi a’zolari ishtirokida “QIZLAR PARTY” tadbiri tashkil etildi.

  • Asosiy
  • Xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan “Lider qizlar” klubi a’zolari ishtirokida “QIZLAR PARTY” tadbiri tashkil etildi.


Tadbir talaba-qizlarning intellektual, ijodiy va liderlik salohiyatini rivojlantirish, ularni faol hayotiy pozitsiyaga undash hamda jamoada o‘zaro hamkorlik muhitini mustahkamlashga qaratildi.

Tadbir doirasida turli yo‘nalishlarda mazmunli va qiziqarli faoliyatlar tashkil etildi. Xususan, viktorina orqali ishtirokchilarning bilim saviyasi, tezkor fikrlash va mantiqiy tahlil qilish qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.

Shuningdek, “Kelajakdagi men” mavzusida o‘tkazilgan loyihalar tanlovi talaba-qizlarga o‘z orzu va maqsadlari, kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlarini taqdim etish imkonini berdi. Ishtirokchilar o‘z loyihalari orqali tashabbuskorlik, ijodkorlik va strategik fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.

Tadbirda Muxlisa AI loyihasining Ma’lumotlarni belgilash bo‘limi rahbari Anora Amirova, shuningdek UZINFOCOM — yagona integrator kompaniyasi vakili mentor sifatida ishtirok etdi. Mentor sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT sohasida qizlar uchun mavjud imkoniyatlar hamda kasbiy rivojlanish yo‘llari bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berdi.

Tadbirning madaniy qismi “Ijodkor qizlar” chiqishlari bilan yanada boyitildi. Milliy va zamonaviy raqslar, qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ishtirokchilarga estetik zavq ulashdi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talaba-qizlar rag‘batlantirildi, barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirildi. “QIZLAR PARTY” do‘stona, iliq va ilhomlantiruvchi muhitda o‘tib, barchada ijobiy taassurot qoldirdi.

Mazkur tadbir “Lider qizlar” klubining talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda kelajakda bilimli, raqobatbardosh va yetakchi ayollar sifatida kamol topishlariga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.