Professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar diqqatiga!

WEB OF SCIENCE ma’lumotlar bazasi haqida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 iyundagi 642-f-son farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 6 iyundagi 396-sonli buyrug‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2017 yil 15 iyundagi 156-f-sonli farmoyishi qabul qilingan. Ularda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida faoliyat yuritayotgan “TATU xabarlari” ilmiy jurnalini xalqaro miqiyosdagi nufuzli jurnallar qatoriga olib chiqish uchun bir qancha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, CLARIVATE ANALYTICS kompaniyasining WEB OF SCIENCE ma’lumotlar bazasiga olimlar, doktorantlar, yosh olimlarning ilmiy maqolalarni joylashtirish shular jumlasidandir.
WEB OF SCIENCE ma’lumotlar bazasi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz: CLARIVATE ANALYTICS – ilmiy-analitik ma’lumotlarni yetkazib beruvchi va ilmiy-tadqiqot ishlari rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan yetakchi tashkilotlardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning asosiy mahsuloti – bu WEB OF SCIENCE ma’lumotlar bazasidir (keyinchalik WOS deb ataladi). WOS – butun jahon bo‘yicha tan olingan ilmiy ma’lumotlarni kuzatish imkonini beradigan tizimdir. U olimlarga eng sifatli, ko‘p chop etiladigan va o‘qiladigan, ommabop ishlarni tanlash imkoniyatini beradi.
WOS – OAK talablariga javob beradigan ilmiy jurnallar ro‘yxatini kuzatib borish va olinayotgan ilmiy daraja uchun qayerda va qanday jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish mumkinligi haqida ma’lumot olish imkoniyatini beradi.
WOS – milliy va butun jahon bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari va samaradorligini monitoring tizimini yaratish uchun xizmat qiladi.
WOS – respublika universitetlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, ilmiy jurnallar va ilmiy tadqiqotchilar ishlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini hisoblab borish imkoniyatini beradi.
WOS – 12500 dan ortiq dunyoning yetakchi ilmiy jurnallarning qisqa va to‘liq ko‘rinishdagi ilmiy ishlarni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, qisqa muddat ichida siz o‘zingizga qiziqarli va kerak ma’lumotlaringizni olish imkoniyatini yaratadi (arxivning ildizi 1980 yillar ishlariga borib taqaladi).
Barchangizga o‘z ilmiy tadqiqotlaringizni olib borishingizda ushbu bazadan foydalanishingizni tavsiya etamiz!