12 yanvar kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” nomli tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda universitetning Maxsus fakulteti hamda harbiy kafedrasining ofitserlari, harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida 4 nafar harbiy xizmatchiga Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Faxriy yorligʻi, 3 nafar harbiy xizmatchiga “Oʻz kasbining ustasi” belgisi, 8 nafar Maxsus fakultet ofitserlari va 13 nafar harbiy kafedra talabalariga universitet rektorining Faxriy yorligʻi, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Darhaqiqat, 1992 yil 14 yanvarda mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim qadam qoʻyilib, shu kundan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va boʻlinmalarni Oʻzbekiston tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shu tariqa Vatan himoyachilari kuni ozod va erkin xalqimizning yangi, muqaddas bir bayrami sifatida nishonlanib, yildan-yilga odamlarimizning koʻnglidan, ichki dunyosidan chuqur joy olib bormoqda.
Hukumatimiz tomonidan oʻtgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati boʻlgan milliy armiyamizni shakllantirish yoʻlida keng koʻlamli va mohiyatan ulkan ishlar amalga oshirildi. Avvalo, harbiy soha islohotlari bilan bogʻliq strategik maqsadlarga erishishning muhim huquqiy poydevori bunyod etildi.
Qurolli Kuchlarimizning izchil isloh etilishi natijasida prinsipial yangi tashkiliy-shtat tuzilmalari, harbiy boshqaruv tizimlari, turli qoʻshin turlari harakatlari muvofiqlashtirildi va ularning hamkorligini taʼminlash mexanizmlari shakllantirildi, harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi va ularning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi tubdan yaxshilandi. Harbiy taʼlim sohasida olib borilgan izchil islohotlar xozirgi kunda oʻz samarasini bermoqda.
Harbiy bilim yurtlari va ulardagi fakultet hamda kafedralar soni oshganligi, Qurolli Kuchlarimiz akademiyasi tashkil etilganligi, istiqlolimizning mevasi boʻlgan serjantlar tayyorlash maktablarini bitirayotgan professional va har tomonlama yetuk serjantlarimiz hozirgi kunda armiyamizning haqiqiy suyanchi va tayanchiga aylanganidan har qancha faxrlansak arziydi. Endilikda serjant deganimizda oddiy askarlarning ustozi, ofitserlarning eng yaqin koʻmakchisi, xarbiy xizmatni oʻziga kasb deb, oʻz hayotining taqdiri deb biladigan jasur oʻgʻlonlarimizni tushunamiz.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti ham oʻtgan 26 yil faoliyati davomida mustaqil yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi islohotlarda faol ishtirok etib, bugungi kunda Qurolli Kuchlar safiga axborot texnologiyalari, aloqa va telekommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlab, hukumatimiz ishonchini oqlab kelmoqda. Fakultet moddiy-texnika bazasi zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari asosida takomillashtirildi, oʻquv jarayoni davlat taʼlim standartlari mezonlari asosida tashkillashtirildi, axborot resurslari bazasi hamda shaxsiy tarkibning maishiy qoʻllab-quvvatlash tizimi shakllantirildi.
Hukumatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizga koʻrsatilayotgan eʼtiborini alohida eʼtirof etgan holda Maxsus fakultet shaxsiy tarkibining masʼuliyatli va yuqori darajadagi kasb mahorati bundan buyon ham qoʻyilayotgan vazifalarning aʼlo darajada bajarishga koʻmaklashadi.
Tadbir davomida Yunusobod tumanidagi 20-sonli Madaniyat va aholi dam olish markazi xonandalarining musiqali chiqishlari, TATU Maxsus fakulteti kursantlarining harbiy jangovor harakatlar koʻrgazmasi bayram muhitiga yanada ijobiy taʼsir koʻrsatdi.