Inson maʼnaviyatini shakllanishida kitobning oʻrni katta. U sodiq doʻst, mehribon oʻrtoqdir. Unda ezgu fikrlar oʻz aksini topadi. Insonni yashashga, umid qilishga, ortidan yaxshilik qoldirishga undaydi.
Joriy yilning 27-aprel kuni Adiblar hiyobonida boʻlib oʻtgan "Adiblar - xalqning yuragi” shiori ostida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-oʻqituvchilari va Yozuvchilar uyushmasi vakillari hamda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Davron Rajabov ochdi va adabiyot olami, kitoblarning inson maʼnaviy hayotidagi oʻrni, soʻz sehri, ulugʻ yozuvchilarimizning asarlari va ularning tarbiyaviy ahamiyati, davlatimizning ijod ahliga boʻlgan eʼtibori, eʼzozi haqida gapirdi.
Hech zamonda bugungidek ijod ahliga boʻlgan eʼtibor yaratilgan emas. Adiblar hiyobonida ziyoratga kelgan kitobxonlarning qadami uzilmayotganligini koʻrib dilimiz quvnaydi. Bugun oʻtayotgan bu tadbirda ham barhayot yozuvchilarimiz, shoirlarimiz, adiblarimiz nomini yana bir bor yodga olishimiz, ularga nisbatan boʻlgan maʼnaviy qarzdorlik hissidir.
Toshkent shahar “Bilim” AKM mutaxassisi Raʼno Xoliqova ham oʻz nutqida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarda kitob oʻqishga boʻlgan muhabbatni yanada oshirish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, inson tafakkurini, dunyoqarashini shakllanishida kitobning oʻrni katta ekanligini alohida taʼkidladi. Bu borada “Bilim” AKM da olib borilayotgan ishlar, imkoniyatlar haqida qisqacha axborot berdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan ustozlar, talabalar asosan oʻzlariga biriktirilgan adiblar Said Ahmad va Saida Zunnunovalar ijodiga yana bir bor nazar tashlab bu ikki adib, ikki qalb egasining ibratli hayot yoʻli, asarlari haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir soʻnggida ijodkorlarning asarlaridan namunalar oʻqildi, sheʼrlari yod olindi. Bu tadbir haqiqiy maʼnaviyat bayramiga aylandi.