“Yoshlar - yoshlarga” shiorida 1-kurslar bilan uchrashuv

  • Asosiy
  • “Yoshlar - yoshlarga” shiorida 1-kurslar bilan uchrashuv

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida har o‘quv yilida universitet rahbariyatining talabalar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish an’anaga aylangan. Ushbu 2017-2018-o‘quv yilida esa bu kabi uchrashuvlarni noan’anaviy tarzda, “Yoshlar - yoshlarga” usulida o‘tkazish rejalashtirilgan edi.
18 sentyabr kuni ushbu uchrashuv Telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti birinchi kurs talabalari bilan o‘tkazildi. Uchrashuvda universitet rektori T.Teshabayev, o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor F.Agzamov, MATI prorektori X.Umarov, fakultet dekani va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari bilan birga oliygohda tahsil olayotgan, qator ahamiyatli yutuqlarni qo‘lga kiritgan faol va iqtidorli talabalari va shu universitetni tamomlab, axborot texnologiyalari sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, avvalambor, universitetga qabul qilingan yosh talabalarga axborot texnologiyalari sohasi va uning bugungi jamiyatimizda tutgan o‘rni haqida ma’lumot berish bilan birga, universitetining yuqori bosqich iqtidorli talabalari birinchi bosqich talabalari bilan fikr almashishlarini tashkil etishdan iborat edi. Yuqori kurslar o‘zlarining yutuq va tajribalarini yosh talabalar bilan o‘rtoqlashdilar. Iqtidorli talabalar tomonidan taqdim etilgan taqdimotlar turli mavzularni o‘z ichiga qamrab oldi. Yosh talabalar axborot texnologiyalari va ularning hayotimizda tutgan o‘rni, biznes, ko‘plab startaplar, stipendiyalar, universitetning imkoniyatlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2017-2018 o‘quv yilida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va filiallari bilan birgalikda jami 2900 ta talaba qabul qilingan. “Yoshlar - yoshlarga” shiori ostidagi bu kabi uchrashuvlar aniq reja asosida tashkil etiladi, universitetning barcha birinchi bosqich talabalari qisqa vaqt davomida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ladilar va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob topadilar.