#Rasmiy_munosabat
💻 Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanallarda tarqalgan “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 1-sonli TTJsi haqidagi” postga rasmiy munosabat
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bahorgi semestr iyun oxirida yakunlanganligi munosabati bilan joriy yilning 17-iyulidan 20-avgustigacha fanlardan akademik qarzdor bo‘lgan talabalar uchun qayta o‘qish jarayonlari bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Universitetning talabalar turar joylarida yozgi ta’til vaqtida amalga oshirilishi rejalashtirilgan joriy ta’mirlash hamda dezinfeksiya ishlari olib borilishi haqida barcha talabalar ogohlantirilgan va mazkur ishlar yakunlanguniga qadar talabalar turar joylari yopilgan.
Lekin shunga qaramay, 2022-2023 o‘quv yilida ayrim o‘quv fanlaridan akademik qarzdor bo‘lib, qayta o‘qishga qolib ketgan talabalarni yozning issiq kunlarida ko‘chalarda sarson bo‘lib, ijara uylari qidirib yurmasligini maqsad qilgan holda ularning iltimoslarini inobatga olib, universitet rahbariyati tomonidan universitetning 1-talabalar turar joyi xonalari ochib berilgan hamda talabalar turar joyining ularga ajratilgan qismida amalga oshirilishi rejalashtirilgan joriy ta’mirlash va dezinfeksiya ishlari vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan.
Ammo 1-talabalar turar joyi joriy ta’mir hamda dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun yopilganligi, talabalarning iltimosiga ko‘ra joy ajratilganligini bila turib, vaziyatdan o‘zlarining buzg‘unchi niyatlarida foydalanish maqsadida u yerga joylashgan ayrim talabalar suratga olgan videolardan ularning ruxsatisiz foydalanib, universitetning sha’niga qasddan putur yetkazishga qaratilgan ta’riflar bilan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishgan.
Universitet uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, doimo xorijiy, Respublika oliygohlari va jamoatchilik takliflari va fikrlarini ochiqlik bilan qabul qilib keladi. Shunga ko‘ra, universitet faoliyatiga qaratilgan tanqidiy fikrlarni bir tomonlama berilgan ma’lumotlardan ko‘ra, aniq faktlarga asoslangan ma’lumotlarga tayangan holda ko‘rib chiqishda hamkorlik qilishga doimo tayyorligini bildiramiz.
❤ @tuituz_official