Joriy yilning 29 mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirokida "TATUda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida TATU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor X.M. Bobomuradov, AKT bo‘yicha maslahatchi prorektor Li Chul Su va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i A.B.Radjievlar ishtirok etdilar.
Davra suhbatini TDIU rektori M.Boltabaev kirish so‘zi bilan boshlagan holda Oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonini jahon ta’lim standartlari asosida takomillashtirish, zamonaviy elektron ta’lim tizimlarini joriy etish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashish xususida so‘zladi.
Shu o‘rinda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti AKT bo‘yicha maslahatchi prorektori Li Chul Su ushbu davra suhbati tashkil etilganligidan mamnunligini bildirgan holda AKTni joriy etish to‘g‘risidagi taqdimotini havola etdi. Taqdimotda ta’lim sohasida AKTni joriy etishning 4 ta asosiy omili, jumladan, ta’lim sohasini istiqbollash, dars va laboratoriya xonalarini zamonaviy talablarga javob beruvchi jihozlar bilan ta’minlash, har bir professor-o‘qituvchi ilg‘or texnologiyalar asosida talabalarga ta’lim berishi, shu jumladan, har bir universitet xodimi AKTni bilishi zarurligini asoslab berildi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirgan holda ta’lim tizimiga AKT bo‘yicha yangiliklarni joriy etish, bu orqali xorij universitetlari ta’lim tizimidagi yangiliklarni respublikamiz universitetlariga olib kirish, fikr almashish orqali talaba va professor o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ta’lim tizimida raqamli ma’lumotlar bazasini yaratish haqida fikr almashildi.
Davra suhbati davomida TATU o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori X. Bobomurodovning elektron dekanat dasturiga bag‘ishlangan taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu taqdimotda ta’lim tizimida elektron dekanat dasturining mohiyati va vazifalari haqida so‘zlanib, mazkur dastur internet tarmog‘i orqali on-layn tarzda tushuntirib berildi.
Davra suhbati yakunida TATU vakillariga minnatdorchilik bildirilib, kelajakda hamkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish zarurati ta’kidlandi.