Ona tili – millatning ruhidir. Til – davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Ona tilimiz – oʻzbek tiliga 1989-yil 21-oktabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi.
2019-yil 21-oktabr kuni Davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Xususan, 21-oktabr yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritadigan Atamalar komissiyasi ishlab turibdi.
Joriy yilning 19 oktabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti media markazida 21-oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil toʻlishi munosabati bilan “Til – millat koʻzgusi” mavzusida 5 ta hududiy filiallar professor-oʻqituvchilarini qamrab olgan holda onlayn konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda universitet rektori Sarvar Babaxodjayev, Yunusobod tuman hokimi maslahatchisi A.Maxkamov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yunusobod tuman boʻlinmasi rahbari S.Ahmadaliyev, tuman “Mahalla jamoat fondi”, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari shoir Dilshod Rajabov, Soib Mirzo, Muqimiy nomidagi musiqali davlat drama teatri aktyori Umid Shodmonov hamda professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi.
Onlayn konferensiyada nafaqat oʻzbek tilining bugungi mavqeyi hamda ona tilimizning ravnaqi haqidagi fikrlar, shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oʻzbek tilini ravnaqini yanada oshirishga qaratilgan bir qancha amaliy dasturiy mahsulotlarning ham taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Xususan, professor Muhammadjon Musayev boshchiligida “Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalardagi nutq nuqsonlarini reabilitatsiyasida kompyuter dasturlaridan foydalanish” boʻyicha yaratilgan dastur, oʻzbek tilini targʻib qilishda axborot texnologiyalarining oʻrni va salmogʻini oshirish borasida TATU yosh izlanuvchisi, Informatika kafedrasi assistenti Zarif Qodirov tomonidan yaratilgan “Sahiya virtual roboti”, texnika fanlari doktori Faxriddin Nuraliyev boshchiligida yaratilgan “Oʻzbek va qoraqalpoq elektron lugʻati” kabi amaliy loyihalar shular jumlasidandir.
Albatta, bu kabi dasturlarning boshqa tillarda ishlab chiqilgan koʻrinishlari boʻlishi mumkin lekin aynan oʻzbek tilida mavjud emas edi. TATU professor-oʻqituvchilarining aynan oʻzbek tilini rivojlantirish va targʻibot qilishdagi hissalari salmoqli ekanligini yuqoridagi dasturlarni amalga tatbiq etilganligidan ham koʻrish mumkin.
Haqiqatdan ham til millat koʻzgusi. Uning qadri qanchalik baland boʻlsa, millatga boʻlgan hurmat ham shunchalik ortib boradi.
TATU matbuot xizmati