Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining II mavsumi 2020-yilning 15-dekabr kuni yakuniga yetdi.
Quvonarlisi, ushbu marafonda TATU oʻqituvchilari va talabalari muvaffaqiyatli ishtirok etib, marafon gʻolibi boʻlishdi!
Vakillarimiz tomonidan ishlab chiqilgan har bir loyiha uchun vazirlik tomonidan 30 mln. soʻmgacha ragʻbatlantirish belgilandi va mikromoliyalashtirish maqsadida shartnomalar tuzildi.
Demak, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni 2-bosqichining natijalariga koʻra TATU oʻqituvchilari va talabalari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar quyidagilar:
Shohruh Begmatov (TATU assistenti)— “Koʻzi ojizlar uchun telefonga klaviatura” loyihasi. (Koʻrish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun smartfondan foydalanish imkonini beruvchi maxsus klaviatura ishlab chiqish. Bunda anʼanaviy Brayl alifbosidan foydalangan holda istalgan rusumdagi smartfonlarga USB interfeysi orqali ulanib, ulardan foydalanish imkoni boʻladi);
Azizbek Xaitov (TATU oʻqituvchisi) – “Robototexnika asoslari” laboratoriyasi loyihasi. (Virtual reallik texnologiyasini qoʻllagan holda taʼlim oluvchilarga turli murakkab va qimmatbaho qurilmalarning koʻrinishi, ishlash prinsipi haqida maksimal darajada bilim berish va ulardan foydalanish imkoniyatini yaratish).
Feruz Gʻulomov (Radio va mobil aloqa fakulteti talabasi) — “Eshitish qobiliyatida nuqsoni borlar uchun ovoz kuchaytirgich” loyihasi (Ovozni mikrofon yordamida qabul qilib tranzistorlar yordamida kuchaytirib foydalanuvchiga taqdim etuvchi uskuna);
Otamurod Togʻayev (Dasturiy injiniring fakulteti talabasi), Javohir Nizomiddinov (Kompyuter injiniringi fakulteti talabasi )- "Transport vositalarini boshqaruv va kuzatuv tizimi" loyihasi. (Yuk mashinalarining marshruti, lokatsiyasi, yoqilgʻi sarfi, yuklarining butunligini nazorat qiluvchi maxsus ilova).
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, marafonning final bosqichi marosimi davomida marafon qatnashchilari tomonidan loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi va eng yaxshi loyihalar eʼlon qilindi. Hayʼat komissiyasi tomonidan eng yaxshi 10 ta loyihaning har biri 30 mln. soʻmgacha boʻlgan mablagʻ bilan moliyalashtirilishi belgilangan.
TATU matbuot xizmati