Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligi hamda 2015-2016-o‘quv yilining boshlanishi va 1-kursga o‘qishga qabul qilingan talabalarni tabriklash maqsadida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X.M. Mirzaxidov, O‘zbektelekom AK bosh direktori o‘rinbosari J.Maqsudov, Aslkom sug‘urta kompaniyasi boshlig‘i T.K. Iminov, TATU rektori H.A. Muxitdinov, bir qator soha korxonalari rahbarlari, universitet professor-o‘qituvchilari, 1-kursga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Tadbir davomida O‘zRATvaKR vaziri X.M. Mirzaxidov, TATU rektori H.A. Muxitdinov, universitetda ko‘p yillar davomida faoliyat yuritib kelgan ustoz-murabbiy, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi T.Raximovlar so‘zga chiqib, mustaqillikning 24 yilligi va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan yig‘ilganlarni tabrikladilar. Ushbu o‘quv yilida 2 ta nevarasi universitetga o‘qishga kirib, "talaba” degan nomga sazovor bo‘lgan Oltiboyev Sanjar va Oltiboyev Bexruzlarning katta dadasi Abduraxmon aka Aliboyev ham tabrik uchun so‘zga chiqib, bugun yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar juda keng ekanligi, ulardan samarali foydalanish lozimligi, ustozlar mehnatini oqlash uchun faqat a’lo baholarga o‘qish kerakligi haqida gapirib o‘tdi. Talabalar nomidan so‘zga chiqqan telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti 1-kurs talabasi G.Azimova yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, O‘zbekiston uchun yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga bor kuch-g‘ayratlarini sarflashlarini ta’kidladi.