


TATUda “Sun’iy intellekt klasteri” ochildi
💻 Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va innovatsion ekotizimni mustahkamlashga xizmat qiluvchi “Sun’iy intellekt klasteri”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
⚪️ Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari B. Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Z. Mutalov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov, vazirlik va idoralar, AT sohasi korxona va tashkilotlari, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
🔰Yangi tashkil etilgan “Sun’iy intellekt klasteri” ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarni yagona platformada birlashtiradi. Klaster doirasida universitetga zamonaviy GPU Cluster hamda yuqori unumdorlikka ega ko‘p funksiyali serverlar taqdim etildi. Ushbu infratuzilma sun’iy intellekt modellarini yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, mashinali o‘qitish va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni samarali tashkil etish imkonini beradi.
🔬 Shuningdek, klaster tarkibida AI Laboratory, AI Prototyping Room va AI Lecture Room faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu maskanlarda talabalar va yosh tadqiqotchilar sun’iy intellekt, 3D dizayn, IoT hamda innovatsion startap loyihalari ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.