Joriy yilning 3-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat-maʼrifat boʻlimi tashabbusi bilan “S2S: Talabalar – talabalarga” shiori ostidagi motivatsion forum tashkil etildi.
Forumdan koʻzlangan maqsad – universitet talabalarini IT sohasidagi turli yoʻnalishlarga jalb etish, ularni zamonaviy kasblarni egallashga boʻlgan qiziqishini orttirish, dasturchilikni aynan nimadan boshlash kerakligi boʻyicha tavsiyalar berish, talabalik paytidanoq muvaffaqiyatga erishish yoʻllarini koʻrsatish, talabalarni yana-da ruhlantirish hisoblanadi.
Forumga TATUda tahsil olgan, olayotgan, katta yutuqlarga erishgan, oʻzining shaxsiy biznesi, kompaniyasiga ega talabalar spiker sifatida jalb qilindi va tom maʼnoda talabalar talabalarga maʼlumotlar berishdi.
Tadbirga 4 nafar spiker taklif etildi.
Ular:
- Ulugʻbek Ismatov – Intv.uz, Becreative media, startupmarket.me loyihalari asoschisi, MPMG rahbari (TATU bitiruvchisi)
- Shuhrat Agzamov – "Mobile first" kompaniyasi asoschisi va rahbari (TATU bitiruvchisi)
- Muzaffar Tuxtasinov – “Abba” marketing agentligi asoschisi (TATU talabasi)
- Sardorbek Xoldorov – Dizayner, frilanser (TATU talabasi)
Taklif etilgan har bir spiker qanday qilib talabalik davrida muvaffaqiyatga erishganligi, qanday qilib oʻzi tanlagan soha boʻyicha yetakchi mutaxassislardan biri boʻlganligi haqida talabalarga maʼlumot berdi. Xususan, Ulugʻbek Ismatov talabalik hayotning demo versiyasi ekanligi, bu muddat ichida yoshlarimiz oʻzlarini qiziqtirgan sohada sinab koʻrishlari kerakligini, zamonaviy texnologiyalarning eng soʻngi avlodini (sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar baʼzasi shular jumlasidan) oʻrganish dolzarbligi, kelgusi hayotdagi katta yutuqlar aynan universitetdan boshlanishi, shuning uchun hozirdanoq universitet hayotida aktiv boʻlishi zarurligini taʼkidlab oʻtdi.
– Biz TATUda oʻqib yurgan paytlardanoq INTV – internet telekanal loyihasiga asos soldik va TATU rahbariyati bu loyihamizni qoʻllab-quvvatladi. Biz universitetda ahil jamoa yaratdik, kreativ yoshlarni birlashtirdik. Siz ham hozirdanoq shunaqa jamoa shakllantirish, jamoaviy katta yutuqlarga erishishingiz mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, yangicha dunyoqarash va yangicha fikrlash bilan jamiyatdagi biror bir muammoni texnologik tomondan yechishga yordam beradigan startaplar ustida koʻproq bosh qotirish lozim. Shunda sizda loyiha boshqaruvlari boʻyicha ham koʻnikmalar paydo boʻladi, – deydi Ulugʻbek Ismatov.
Forumdagi har bir spiker oʻz yoʻnalishi boʻyicha talabalarga foydali va qiziq boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etishdi. Xususan, Muzaffar Tuxtasinov qanday qilib ijtimoiy media marketingni oʻrganish, qanday qilib katta kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatish, mijozlar bilan ishlash boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar bergan boʻlsa, Shuhrat Agzamov talabalik davridan qanday qilib oʻz startapini boshlash, buning uchun nimalar qilish kerak va nimalarga koʻproq eʼtibor berish kerakligi boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Grafik dizaynerlik, bu orqali frilanserlik bilan shugʻullanish, xorijiy hamkorlar bilan ishlash boʻyicha dizayner Sardorbek Xoldorov oʻz tengdoshlariga qimmatli maʼlumotlarini berib oʻtdi.
Talabalar spikerlarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar berishdi va kerakli maʼlumotlarni, tavsiyalarni olishdi.
TATU matbuot xizmati