Bugun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavriaturaning birinchi, toʻrtinchi hamda magistraturaning birinchi, ikkinchi bosqich talabalari anʼanaviy tarzda oʻqishni boshlashdi.
Darslar karantin qoidalariga rioya etilgan holda tashkil etilmoqda.
Pandemiya sababli nafaqat bizning universitetimizda, balki respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalarida onlayn taʼlim tizimi joriy etilgan edi. Vaqt oʻtib anʼanaviy taʼlim tizimiga qaytishimiz, albatta, talabalar orasida yaxshi kutib olinmoqda. Ayniqsa, darslarni bevosita auditoriyalarda tashkil etilishi universitetga birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar orasida ijobiy tasavvur uygʻotmoqda va ular anʼanaviy taʼlim shaklida TATUning oʻzida tahsil olishni boshlaganlaridan mumnunlar.
Bundan tashqari universitetda oʻqituvchi va talabalarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida kirish eshiklari oldida isitma oʻlchaydigan qurilmalar hamda antiseptik vositalar tashkil etilgan. Dars jarayonlarida oraliq masofani saqlashga, tibbiy niqob taqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek, universitet maʼmuriyati talabalarimizdan karantin qoidalariga qatʼiy rioya etishlarini, doimiy tibbiy niqob taqishlarini, oraliq masofa saqlashlarini, qoʻllarni antiseptik vositalar bilan tez-tez dezinfeksiya qilishlarini soʻrab qoladi.