O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4851-son qarori asosida maktablarda o‘qitish sifatini yana-da oshirish, bitiruvchilarni OTMlarga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida respublikadagi oliy taʼlim muassasalari maktablar bilan hamkorlik o‘rnatmoqda.
Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi Yunusobod tumanida joylashgan maktablarga taʼlim sifatini ko‘tarishda ko‘maklashmoqda.
Joriy yilning 4-dekabr kuni TATU rektori Sarvar Babaxodjayev boshchiligida professor-o‘qituvchilar tumandagi 9-sonli maktabga tashrif buyurib, o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.
Tashrif davomida maktabda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning malakasini oshirish, bevosita TATU bilan hamkorlik o‘rnatgan holda o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yana-da rivojlantirish, bu borada keng ko‘lamli hamkorlik ishlarini tashkil etish kelishib olindi. Shuningdek, Yunusobod tumanida joylashgan 9-sonli maktabda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatish bo‘yicha amaliy ishlar qilish belgilab olindi.
TATU rektori S.Babaxodjayev maktabdagi taʼlim jarayonini yana-da rivojlantirishda, taʼlim tizimiga axborot texnologiyalarni joriy qilishda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar doimo tayyor ekanligini, istiqbolli ishlar o‘zining amaliy natijalarini berishini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan axborot texnologiyalariga oid yozilgan kitoblar hamda robototexnikani organishda foydalaniladigan qurilmalar, yo‘riqnomalar maktab fondiga taqdim etildi.
TATU matbuot xizmati