
Kuni kecha, 29-aprel kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Turkiyaning nufuzli Firat universiteti rektori, professor Fahrettin Goktas boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab universitetning ilmiy laboratoriyalari, zamonaviy infratuzilmasi hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi: talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, stajirovka va malaka oshirish dasturlari, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar, ilmiy forumlar va qo‘shma nashrlar.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro loyihalarda hamkorlikda ishtirok etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik va ilmiy integratsiyani mustahkamlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
🏷 Ma’lumot uchun: Firat universiteti — Turkiyaning Elazig shahrida joylashgan davlat universiteti bo‘lib, 1975-yilda tashkil etilgan. Universitet 12 ta fakultet, 4 ta institut, davlat konservatoriyasi, 3 ta kasb-hunar maktabi va 21 ta ilmiy-tadqiqot markaziga ega bo‘lgan yirik akademik-sanoat markazi hisoblanadi.