Joriy yilning 18-noyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan "Beshta muhim tashabbus" mazmun-mohiyati va ahamiyatini, shuningdek, bugungi kundagi yangiliklar, oʻzgarishlarni xalqimizga yetkazish, ularning kayfiyatini koʻtarish maqsadida "Yangi Oʻzbekiston - yangicha dunyoqarash" maʻnaviy-maʻrifiy targʻibot tadbirlari doirasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan TATU rektori S.Babaxodjaev TATU Urganch filialining birinchi va toʻrtinchi bosqich talabalari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Ochiq muloqot boshida S.Babaxodjaev, avvalo, Xorazm viloyatiga tashrifidan mamnun ekanligini va filiallar orasida ilk uchrashuv aynan Urganch filiali talabalari bilan ekanligini taʻkidladi.
Soʻzining davomida talabalarni hamda barcha yigʻilganlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan chin qalbidan muborakbod etdi.
Talabalarni muloqotga jalb qilish maqsadida Davlatimiz bayrogʻining ramzi va har bir rangning maʻnosi toʻgʻrisida fikr almashdi.
Shuningdek, S.Babaxodjaev oʻzining oʻqish va ish faoliyati toʻgʻrisida ham ozgina toʻxtalib oʻtdi.
S.Babaxodjaev bugungi kunda talabalar aniq maqsadni koʻzlash, qatʻiylik, mehnatsevarlik, kamtarlik kabi fazilatlarga ham ega boʻlishi kerakligini alohida taʻkidladi.
Soʻngra barcha talabalarni savol va takliflar bilan murojaat etishga undadi.
Talabalar asosan xorijdagi taʻlim grantlari, bakalavrdan keyingi taʻlim, ta’limning kredit tizimi va uning samarali jihatlari, harbiy yoʻnalishlar kabi bir qancha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga aniq javob oldilar.
Tadbir yakunida S.Babaxodjaev talabalarga kelgusi oʻqishlarida va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
TATU matbuot xizmati