Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ilk bor Xalqaro reytingga kiritildi.
Times Higher Education Impact Rankings - bu universitetlarning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (SDGs) muvofiqligini baholaydigan yagona global samaradorlik reytingi hisoblanadi. Mazkur reyting bo‘yicha universitetlar o‘zlarining faoliyatlari davomida mazkur Maqsadlarni tadbiq etish va rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirayotgan ishlari baholanadi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti THE Impact Ranking 2022 reytingiga ilk bor kiritildi. Umumiy ko‘rsatgichlar bo‘yicha TATU dunyoning 1406 ta universitetlari o‘rtasida 1001+ o‘rinda qayd etilgan. Quvonarlisi mazkur reytingda ilk bor ishtirok etishiga qaramasdan Universitet alohida maqsadlar bo‘yicha nisbatan yuqori natijalarni ko‘rsatgan.
Mazkur reytingning BMT Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bo‘yicha alohida me’zonlari bo‘yicha quyidagi o‘rinlar belgilangan:
Munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish (8) ko‘rsatgichi bo‘yicha TATU 301-400 o‘rinda qayd etilgan. Bu esa so‘ngi yillarda talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samarasi hisoblanadi. Sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilma (9), Tengsizlikni kamaytirish (10), Tinchlik, adolat va samarali boshqaruv (16) me’zonlari bo‘yicha 601+ o‘rinlarda qayd etilgan.
Bundan tashqari, TATU Gender tengligi (5) va Sifatli ta’lim (4) maqsadlari bo‘yicha 801+ o‘rinlarda qayd etilgan bo‘lsa, Sog‘liq va farovonlik (3) hamda Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik (17) bo‘yicha 1001+ ko‘rsatgichlarni qayt etgani belgilangan.