TATU Farg‘ona filialida Janubiy Koreyaning NIA agentligi bilan hamkorlikda Axborot almashinuv markazi ochildi

  • Asosiy
  • TATU Farg‘ona filialida Janubiy Koreyaning NIA agentligi bilan hamkorlikda Axborot almashinuv markazi ochildi

30-aprel kuni Koreya Respublikasining Milliy axborot jamiyati agentligi bilan hamkorlikda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida tashkil etilgan “Axborot almashinuv markazi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari J.Egamberdiyev, Farg‘ona shahar hokim o‘rinbosari B.Muminov, IT park direktori F.Ibragimov, TATU Moliya va iqtisod ishlari prorektori F.Aripjanov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i J.Sultanov, Ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i L.Jo‘rayev, hamda TATU Farg‘ona filiali rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Ochilish marosimining ramziy mehnomlari sifatida Koreya Respublikasining Milliy axborot jamiyati agentligi prezidenti Yong-sik Moon boshchiligidagi vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreya davlatlari strategik hamkor bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik rishtalari kundan kunga mustaxkamlanib bormoqda. Bu hamkorlik aloqalari iqtisodiyotning ilg‘or sohalarida, jumladan taʼlim va axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida ham o‘z aksini topmoqda.

Taʼlim yo‘nalishida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan turli loyihalar bunga misol bo‘la oladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, АKT sohasida taʼlim yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha Janubiy Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi bilan amalga oshirayotgan loyihalar va Аgentlik tomonidan ajratilayotgan beg‘araz ko‘mak mablag‘lari Respublikamizda АKT taʼlim tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Mana shunday loyihalardan biri bu TАTU Farg‘ona filialida Аxborot almashinuv markazini tashkil etish hisoblanadi.

Mazkur grant loyihasi doirasida yetkazib berilgan qurilmalar universitetning infrastrukturasini rivojlantirishga hissa qo‘shsa, Janubiy Koreyalik hamkorlar tomonidan taqdim etilishi rejalashtirilgan taʼlim va bilim almashinuv dasturlari mamlakatimiz yoshlarini АKT sohasi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashlariga o‘z hissasini qo‘shadi.

Shu o‘rinda butun dunyoda avj olgan COVID-19 bilan bog‘liq epidimiologik vaziyat ko‘plab loyihalarni amalga oshirilishi va muvaffaqiyatli yakunlanishiga o‘z taʼsirini o‘tkazmoqda. Biroq, epidemiologik vaziyatlarni to‘g‘ri baholab mazkur loyihaning to‘liq amalga oshirilishi va Аxborot almashinuv markazini tashkil etishini ikki karra yutuq deb hisoblash mumkin.