TATU — dunyo TOP-750 universitetlari safida!

  • Asosiy
  • TATU — dunyo TOP-750 universitetlari safida!

TATU — dunyo TOP-750 universitetlari safida!
 
💻 Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti nufuzli Round University Ranking (RUR) xalqaro reytingida dunyo miqyosida 736-o‘rinni, O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida esa 2-o‘rinni qayd etdi.

RUR — Round University Ranking dunyo universitetlari faoliyatini baholovchi xalqaro reyting tizimi bo‘lib, oliy ta’lim muassasalarini ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va moliyaviy barqarorlik kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qiladi.



E’tiborlisi, TATU ta’lim sifati yo‘nalishida dunyoning eng yaxshi universitetlari o‘rtasida 200-o‘rinni egalladi. Bu — universitetimiz uchun ulkan yutuq, katta e’tirof va xalqaro maydondagi muhim marradir.

Ushbu natija Yangi O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, universitetlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasidagi davlat islohotlarining hamda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanilayotganining amaliy ifodasidir.

So‘nggi yillarda TATUda zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish, o‘quv jarayonlarini raqamlashtirish, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda talabalar uchun sifatli ta’lim muhitini shakllantirish yo‘lida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi tarixiy natija — universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar va bitiruvchilarimizning fidokorona mehnati, intilishi va yuksak mas’uliyatining xalqaro e’tirofidir. TATUning RUR reytingidagi ushbu muvaffaqiyati universitetimizning global ta’lim maydonidagi nufuzi ortib borayotganini, xalqaro reytinglardagi o‘rni mustahkamlanayotganini hamda O‘zbekiston oliy ta’limi salohiyati dunyo miqyosida e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqladi.

🚀 Bu — TATU uchun yangi bosqich, yangi mas’uliyat va yangi marralar sari dadil qadamdir!



Toshkent axborot texnologiyalari universiteti xalqaro maydonda o‘z nufuzini yanada mustahkamlab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etadi.