Bugun, 12 oktyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 1-kursga talabalikka tavsiya etilganlar uchun tanishuv darslari boshlandi.
Tanishuv darslari belgilangan dars jadvallari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bugun barcha taʼlim yo‘nalishidagi talabalar uchun universitetning o‘quv binolarida darslar tashkil etilgan.
Anʼanaviy taʼlim shaklida boshlanayotgan ushbu dars jarayonlari karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, auditoriyalarning 50 foizdan ko‘p qismiga talabalarni kiritmasdan olib borilmoqda.
Birinchi kursga tavsiya etilgan talabalarga biriktirilgan fakultetlar asosida universitetdagi taʼlim jarayoni to‘g‘risida ilk tushunchalar berilmoqda. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan kerakli darsliklar va foydalaniladigan adabiyotlar haqida maʼlumot berilmoqda. Bundan tashqari, darslarda oliy taʼlim muassasasi talabasi maqomi, o‘tiladigan darslar, muhim qoidalar, kredit-modul tizimida o‘qish tartibotlari to‘liq tushuntirildi.
Tanishuv darslari orqali talabalarda masofaviy (onlayn) taʼlim olish ko‘nikmasi shakllantiriladi. Shuningdek, kerakli hujjatlar jamlanmasini taqdim etish bo‘yicha tushunchalar beriladi.
Eslatib o‘tamiz, tanishuv darslari yakunlangach, 1-kurs talabalar ham boshqa kurs talabalari singari o‘qishni masofaviy (onlayn) shaklda davom ettiradilar.
Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, bugungi kunda yurtimizdagi pandemiya vaziyatidan kelib chiqib Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga birinchi kursga o‘qishga tavsiya etilgan talabalar o‘zlarining yashash hududlari bo‘yicha TATU va uning 5ta filiallariga borib hujjatlarni rasmiylashtirishlari imkoni yaratilgan.
Talabalar bilan ishlash bo‘yicha bu yerda hududlar kesimida to‘liq maʼlumot keltirilgan.
TATU matbuot xizmati