Joriy yil 21-yanvar kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Tataristonning Innopolis Universiteti rektori Tormasov Aleksandr Gennadiyevich va “Innopolis” erkin iqtisodiy zonasi bosh direktori o‘rinbosari Vandyukov Dmitriy Vladimirovich tashrif buyurdilar.
✅Uchrashuv universitetlar haqida tanishtiruv va tomonlarning qiziqtirgan savollari muhokamasi bilan boshlandi. Xususan, talabalar startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, inkubatsiya markazlari faoliyatini samarali tashkil qilish hamda venchur kapital masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlik, talabalar olimpiadalarida ishtirok etish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
✅Mehmonlarga universitetda yaratilgan sharoitlar, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, o‘quv media markazi, ma’lumotlar markazi tanishtirildi. Uchrashuv so‘ngida universitetlar hamda “Innopolis” erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha harakatlarni boshlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida amaliy ishlarni tashkil etish mexanizmlarini belgilab olishga kelishildi.