Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishdan boshlab, oʼquv jarayonini tashkil etish va oʼqishni tugallash bilan bogʼliq koʼp jarayonlarda elektron tizim imkoniyatlaridan unumli foydalanilmoqda. Yaratilayotgan qulayliklar ortiqcha sarsongarchilikning oldini olmoqda.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (HEMIS)” axborot tizimidan samarali foydalanish hamda talabalarning mustaqil ishini toʼgʼri tashkil etish va nazorat qilishga bagʼishlangan seminar boʼlib oʼtdi.
Seminarda oliy taʼlim muassasalarida qogʼozbozlikni kamaytirish, oʼquv jarayonini raqamlashtirish, shaffoflik va xolislikni taʼminlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur tizimning afzalliklari boʼyicha professor-oʼqituvchilarga maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, ushbu tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqilib, endilikda talabalar oʼquv jarayoniga tegishli boʼlgan maʼlumotlarni mobil ilova orqali kuzatib borishi mumkin.