Vazir huzurida talabalarni turar joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi
Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Geologiya fanlari universiteti va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektor hamda prorektorlarining 2023/2024-o‘quv yilida talabalarni yotoqxona hamda ijaradagi uylarga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axborotini tingladi.
Mas’ullar berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan, jumladan, oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari boʻyicha maʼlumotlar markazi” faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Shuningdek, yig‘ilganlarning mazkur muassasalarda o‘quv-amaliyot xonalari, kutubxona, ARMlarning tayyorgarlik holati, hududni obodonlashtirish, quyosh panellarini o‘rnatish kabi kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha axboroti tinglandi.
Vazir o‘quv yilining ilk kunlarini samarali tashkil etish, jamoa bilan hamjihatlikda talabalarni yuqori kayfiyat bilan kutib olish va o‘quv jarayonlarini sifatli yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.