"RK-TUIT" raqamli kutubxona tizimidan foydalanish bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari bilan seminar treninglar o‘tkazilmoqda
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida shu yilning 26-29 sentyabr kunlari "RK-TUIT" raqamli kutubxona tizimidan foydalanish bo‘yicha talabalarning ko‘nikmalarini shakllantirish va tizim imkoniyatlaridan foydalanishni o‘rgatish maqsadida seminar trening tashkil qilish rejalashtirilgan.
Reja asosida 26-sentyabr kuni universitetning "Radio va mobil aloqa", "AKT sohasida kasb ta’limi" va "Televizion texnologiyalar" fakultetlari talabalari bilan, 27-sentyabr kuni "AKT sohasida iqtisodiyot va menejment" va "Kiberxavfsizlik" fakultetlari talabalari bilan seminarlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda "Axborot kutubxona tizimlari" kafedrasi akademigi M.A.Raxmatullayev so‘zga chiqib kutubxonadan foydalanish, kutubxonalarning tarixi va ilm olishdagi o‘rni hamda kitob o‘qish hozirgi davrda qay darajada muhimligi to‘g‘risida o‘z firklarini aytib o‘tdi.
Undan so‘ng “Axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minoti” kafedrasi mudiri, professor B.B.Mo‘minov so‘zga chiqib "RK-TUIT" raqamli kutubxona tizimini yaratishga nima asos bo‘lgani va hozirda bunday tizimlardan foydalanish zamon talabi ekanligini hamda yaratilgan tizim milliy tizim hisoblanishi, undagi imkoniyatlar va yutuqlar, tizim afzalliklari haqida ma’lumotlar berdi.
Xususan, "RK-TUIT" raqamli kutubxona tizimidan foydalanish professor B.B.Mo‘minov va shogirtlari S.I.Muhamadiyev, E.H.Egamberdiyev, U.H.Arabovlar tomonidan amaliy jarayonda ishlatilgan holda ko‘rsatilib berildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga to‘liq javoblar berildi.