Samarqandda «Smart city» mavzusida xalqaro seminar o’tkazildi

Xalqaro elektraloqa ittifoqi hamda O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida joriy yilning 1-2 iyun kunlari Samarqand shahrida «Smart city» mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.

«Smart city - Aqlli shahar» - axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va internet tarmog’i orqali maktablar, kutubxonalar, transport, shifoxonalar, elektr stantsiya, suv ta’minoti va chiqindilarni boshqarish, huquqni muhofaza qilish organlari, shu jumladan, shahar infratuzilmasini boshqarishni o’zida mujassamlashtirgan, yuqori texnologiyalar asosida boshqariladigan shahar.

Mazkur seminar Xalqaro elektraloqa ittifoqining bu yo’nalishda faoliyat olib boruvchi tadqiqot komissiyalari faoliyatini rivojlantirish va keyingi rejalarni belgilab olish maqsadida tashkil etildi.

Seminarda Qirg’iziston, Xitoy, Koreya, Moldoviya, BAA, Rossiya davlatlaridan axborot texnologiyalari mutaxassislari hamda Huawei, KAIST, SC&C, Smart City Lab Moscow, TRA, UNOC kabi yetakchi kompaniyalari ekspertlari hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o’qituvchilari vakillari ishtirok etdi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «INTV» jamoasi MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo’lib, seminarni to’g’ridan-to’g’ri internet tarmoqlarida jonli efirda translatsiya (live) qildi.