TATUda “Yil sarhisobi” taqdirlash marosimi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 24 fevral kuni O‘zbekistonda yoshlarga oid Davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturining bajarilishi yuzasidan TATUda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan “YIL SARHISOBI” deb nomlangan tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov barcha ezgu niyatlarimiz markazida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularni baxtu-saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi, deb ta’kidlagan edilar. Bugun bu masala davlatimiz siyosatini ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilayotgan va amaliyotga samarali tadbiq etilayotgan yangi g‘oyalar, muhim takliflar va ilg‘or tashabbuslarni ahamiyati beqiyos. Yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar amalda o‘z natijalarini namoyon qilmoqda. Bugun barkamol avlodni ma’naviy kamol toptirish, mustaqil fikrlaydigan, o‘zini qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlariga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularni huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirish, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator yo‘nalishlarda ahamiyatga molik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu kabi ishlarni samarali olib borishda ko‘p sonli jonkuyar va fidoiy yoshlarimizning o‘rni beqiyos.

Albatta mamlakatimizda yoshlarga oid Davlat siyosatini izchil amalga oshirish borasida bir qator ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tashkil etiladigan MIT.UZ internet tanlovi, Bestsoft tanlovi, Yangi innellekt tanlovi, Startup mix tanlovi, “Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi” va “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” tanlovlari, «Yangi g‘oya. Investitsiya. Innovatsiya» tanlovi, “Amaliy loyihalar” tanlovi, "SAMSUNG-KOICA” kompaniyalari hamkorligida dasturlash bo‘yicha tanlov, "Eng yaxshi mobil ilovalar” tanlovi, "Chet tilini o‘rganish uchun yaratilgan ilova va ishlanmalar tanlovi”, "Milliy qadriyatlar aks ettirilgan eng yaxshi veb sayt va dasturiy ishlanmalar tanlovi”, "Atrof muhit va biz” innovatsion loyiha va ishlanmalar tanlovi, "Talabalarning biznes g‘oyalari va Startup loyihalari tanlovi” kabi o‘nlab yorqin tadbirlar, yuzlab yoshlarimiz qalbiga qanot bo‘lmoqda.

2016 yil davomida universitetning 1 nafar talabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 5 nafar talabasi Beruniy nomli davlat stipendiyasi, 32 nafar talaba axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda soha korxoalari stipendiyalari bilan taqdirlaganligi, 44 nafar talaba turli respublika fan olimpiadalari va tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganligi, universitet va respublika miqiyosida o‘tkazilgan dasturiy va texnik ishlanmalar ko‘rgazmalariga TATU talabalarining 80 dan ortiq ishlanmalarini taqdim etilganligi katta ahamiyatga egadir.

Tadbir davomida 2016 yilda ahamiyatli yutuqlarni qo‘lga kiritgan 22 nafar talaba hamda 5 nafar faol o‘qituvchilarga Faxriy yorliq va tashakkurnomalar topshirildi.

Shu bilan birga, tadbir davomida 2017 yilning 1-24 fevral kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Huawei kompaniyasi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida ilk bor tashkil etilgan “Marshrutizatsiya va kommutatsiya” mavzuida o‘quv-trening kursini muvaffaqiyatli yakunlagan 16 nafar iqtidorli talabalar va 4 nafar professor-o‘qituvchilar ham Huawei kompaniyasining sertifikatlari topshirildi. Sertifikatlarni “Huawei Tech Investment Tashkent” direktori janob Van Pen taqdim etdi.