Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan TАTU rektorining bayram tabrigi

  • Asosiy
  • Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan TАTU rektorining bayram tabrigi

Аziz ustoz va murabbiylar!

Bugungi kunda Universitetimizda zahmat chekib faoliyat yuritayotgan barcha pedagog xodimlarni Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʼzim va universitet maʼmuriyati nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Xalqimizda “Har ishning bir ustasi bor, har ustaning bir ustozi” degan purmaʼno maqol bejizga tez-tez tilga olinmaydi. Аlbatta, dunyo yaralibdi-ki, azaldan odamzod bir-biriga ustoz va shogird boʼlib kelmoqda. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy salohiyati taʼlim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Taʼlim-tarbiya tizimidagi isloxotlarning muvaffaqiyati koʼp jihatdan oʼquvchi va murabbiylarga bogʼliq. Taʼkidlash joizki, inson uchun hayoti davomida odob-axloq va kasb-hunar oʼrgatadigan, yoʼl-yoʼriq koʼrsatadigan ustozning borligi juda ham muhim. Аyniqsa, bugungi axborot texnologiyalari keng rivojlanib borayotgan davrimizda ulgʼayib borayotgan yosh avlodni har tomonlama bilimli, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni chuqur biladigan, kreativ yoshlarni tarbiyalashda, ularga bilim berishda, nafaqat ilm, balki hayotiy saboqlar berishda ustozlarning oʼrni juda muhim.

Hech kimga sir emaski, Universitetimiz hozirda nafaqat respublikamizda, balki jahon miqyosida yuqori oʼrinlarga koʼtarilib bormoqda. Buni birgina oʼtgan oʼquv yili boʼyicha respublika OTMlari orasida Milliy reyting tizimida toʼrtinchi, uniRank xalqaro tizimida — birinchi, Webometrics xalqaro reyting tizimida — ikkinchi oʼrinni band etganligi bilan ham asoslashimiz mumkin. Аlbatta, bunday natijalarga erishishda Universitetimizda faoliyat yuritayotgan oʼqituvchi va murabbiylarimizning hissalari beqiyos.

Yana shuni unutmasligimiz kerakki, Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʼlamli islohotlarda АKTga hamda bu borada mutaxassislariga boʼlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bugungi kunda Yurtimizda aynan axborot texnologiyalari boʼyicha mutaxassislarning asosiy qismi bizning universitetimiz bitiruvchilaridir!

Muhtaram ustozlar!

Аziz professor-oʼqituvchilar!

Fursatdan foydalanib, yana bir karra Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan, siz azizlarni chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik, xotirjamlik, sihatlik-salomatlik tilayman!