Bugun, barchamiz uchun eng aziz, eng qadrli boʻlgan farzandlarimizga bilim va tarbiya berishdek ulugʻ ishga butun borligʻini bagʻishlagan Siz, hurmatli professor-oʻqituvchilar va murabbiylarni kasb bayramlaringiz bilan chin qalbimdan tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.
Aziz doʻstlar!
Haqiqatan ham, dunyodagi ming-minglab kasblar orasida ikkita buyuk kasb – shifokorlik va oʻqituvchilik kasbi borki, ular, toki hayot bor ekan, oʻzining maʼno-mazmunini va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yoʻqotmaydi.
Xalqimizda ilm oʻrganmoq igna bilan quduq qazishga qiyoslanadi. Kezi kelsa, hayot va borliq mohiyati, sir-asrorlariga boʻying barobar kitoblarni oʻqib ham yetish mushkul. Biroq ilm oʻrgatmoq zaxmati undan-da mashaqqatli. Zero, oqu-qorani farqlay olmaydigan goʻdak olimlik rutbasiga yetishi uchun taxlam-taxlam kitoblarni oʻqishning oʻzi kamlik qiladi. Ustoz bu ishga butun borligʻini, mehrini baxsh etadi. Darhaqiqat, minglab murgʻak qalblarga oqu-qorani tanitadigan, ezgulik yogʻdusini baxsh etadigan, kelajakka tiyrak nigox tashlashga oʻrgatadigan, yoshlar qalbida ertangi kunga qatʼiy ishonch uygʻotadigan, shogirdlari uchun hayotning achchiq-chuchuk sinovlarida doimo yordamga shay turadigan, qoqilsa - suyab, yiqilsa - turgʻizadigan, yutuqlaridan boladek quvonadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnatining oʻlchovi, qiyosi yoʻq.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va amaliy kasb-hunarlarga ega boʻlgan yoshlargina buyuk kelajakni taʼminlashi mumkin. Ana shunday yetuk mutaxassis kadrni Siz tarbiyalab, voyaga yetkazasiz, Aziz xamkasblar! Oʻzbekning, Oʻzbekistonning kelajak taqdiriga Sizlar masʼulsizlar!
Hurmatli hamkasblar, kasb bayramlaringiz bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!