Rektor tabrigi! Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz ayollar!

Yurtimizda yangilanish va yasharish fasli – bahor nafasi urishi bilan, ayollar har qachongidanda ko‘proq qadrlana boshlaydi. Xalqaro miqyosdagi keng nishonlanadigan xotin-qizlar kuni yurtimizning har bir go‘shasida, muassasa va tashkilotlarda, mahalla va xonadonlarda o‘z aksini ko‘rsatadi.

Faxr bilan aytish mumkinki, ayni mustaqillik yillaridagina xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish, g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Uning jamiyat va oiladagi o‘rnini mustahkamlash, ijtimoiy hayotdagi faolligini kuchaytirish borasida berilayotgan e’tibor tufayli bugun yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish maqsadida dadil odimlayotgan ayollar safi tobora kengaymoqda.

Sharqda azaldan ayol zotiga ehtirom ko‘rsatilgan. Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy faolligini oshirish, kasbiy, jismoniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oilaning moddiy ahvolini yaxshilash, tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish, sog‘lom oilani shakllantirish uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlarning barchasida ayolga, uning oilasi va farzandlariga alohida mehr, e’tibor mavjud. Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimov qayd etganlaridek, “Qachon ayol hayotdan rozi bo‘ladi? Qachonki, oilasi tinch, ro‘zg‘ori farovon bo‘lsa, ertangi kundan ko‘ngli to‘q bo‘lsa”.

Ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy isboti sifatida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, ular manfaatini himoya qilishga qaratilgan 80 dan ortiq milliy va xalqaro xujjatlar qabul qilinganligini alohida ta’kidlash joiz. Oila, Ayollar, Sog‘lom avlod, Ona va bola, Barkamol avlod, Obod turmush, Sog‘lom bola, “Sog‘lom ona va bola yili” yillari munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturlari, Prezident Farmon va Qarorlari zamirida ham xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, ularga keng shart-sharoit yaratib berish maqsadi mujassam.

Oila o‘z nomi, maqomi bilan millat kelajagini belgilab beradigan, bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, o‘lmas qadriyatlarni avloddan-avlodga meros qilib qoldiruvchi ulkan beshikdir. Jamiyat esa ana shu muqaddas qo‘rg‘on ustuni, ya’ni an’anaviy va qonuniy asosini belgilab beruvchi mustahkam himoya qal’asidir. Demak, saodatli, tinchlik va farovonlik barqaror bo‘lgan yurtning ayollari, onalari ham baxtlidir, desak arziydi.

Men fursatdan foydalanib, Siz ayollarning mashaqqatli lekin sharafli ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman, oilangiz tinch, farzandlaringiz sog‘, boshingiz omon bo‘lsin! Bayramingiz muborak bo‘lsin aziz ayollar!