Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori T.Teshabaev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi o‘zi tahsil olgan 105 - o‘rta maktabga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasi va madaniyatini shakllantirish, navqiron avlod o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida 2 ta kompyuter, 1 ta televizor va o‘zining shaxsiy kutubxonasidan 60 dan ortiq badiiy kitoblar to‘plamini maktab fondiga sovg‘a qildi.
– Qarangki, bundan 35 yil oldin men ham Siz kabi ushbu maktabning partalarida o‘tirganman, mana shu darsxonalarda tahsil olganman. Ishonamanki, Siz ham aziz ustozlarimizdan olgan bilimlaringizni yurtimiz ravnaqi va farovonligi uchun sarf etadigan yuqori salohiyatga ega bo‘lgan avlod bo‘lib yetishasiz. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni hayotimizga tadbiq etishda kuch va g‘ayratlaringizni ayamaysizlar degan umiddaman, – deydi To‘lqin Zakirovich 105-maktabning bitiruvchi o‘quvchilariga o‘z samimiy tilaklarini bildirar ekan.
Bundan tashqari, To‘lqin Zakirovich shu maktabda uzoq yillardan buyon yoshlarga tahsil berib kelayotgan ustozlarga, farzandlarini chuqur bilim va tarbiya egasi qilib voyaga yetkazayotgan ota-onalarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.