📢Rasmiy bayonot
🏛Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, talabalar tomonidan “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini bir qismini qoplab berish” haqida ijtimoiy taqmoqlarda ko‘tarilayotgan e’tirozlari bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:
🇺🇿O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 605-son qaroriga asosan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish” bo‘yicha 2022-yil sentabr-oktabr holatiga 869 nafar talaba murojaat etgan. Shundan, barcha ma’lumotlari to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilgan 595 nafar talabaga ijara to‘lovlari qonun doirasida qoplab berilgan.
📌Ta’kidlab o‘tish joizki, O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazilrigi huquqiy-me’yoriy hujjatlariga asosan talabalarning stipendiya va ijara shartnomalari uchun to‘lovlar UzASBO dasturiy majmuasi orqali amalga oshiriladi. 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab barcha OTM talabalariga moliyaviy to‘lovlarni to‘lash UzASBO dasturiy majmuasi orqali HEMIS axborot tizimi bilan integratsiyalashgan holda amalga oshirilishi belgilab quyilgan.
📌UzASBO dasturiy majmuasi va HEMIS axborot tizimi integratsiyalash jarayonida olib borilgan texnik yangilanish natijasida qisman talabalar tizimda avtomatik ravishda verifikatsiyadan o‘tmay qolgan. Hozirda, universitet tomonidan barcha talabalarning shaxsiy ma’lumotlarini (JShIR orqali) HEMIS tizimida qayta verifikatsiyadan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda va kun yakuniga qadar bu ishlar tugallanadi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qarori ilovasining 8-bandida to‘lovlar ariza beruvchi tomonidan har oyning 7-sanasiga qadar arizalar masʼullarga taqdim etilganidan so‘ng amalga oshirilishi va ushbu muddatlardan kechikib taqdim etilgan arizalar mazkur oyda ko‘rib chiqilmasligi belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, talabalar ijara to‘lovlarini qonun doirasida qoplab berish bo‘yicha hisob-kitoblar UzASBO dasturiy majmuasida Me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asosan bir oyda faqat bir marta amalga oshirilishiga ruxsat berilgan. Mazkur sabablar tufayli 274 nafar talabaning ijara to‘lovini oktabr oyida amalga oshirish imkoni bo‘lmagan.
✅Joriy yilning noyabr oyida, ijara shartnomalari uchun to‘lovlarga ariza topshirgan 274 nafar talabalarning sentabr-oktabr oylari uchun to‘lovlari, hamda ijara to‘lovlari uchun ariza va ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etgan barcha talabalarning noyabr oyi uchun to‘lovlari bir vaqtning o‘zida to‘lab berilishini ma’lum qilamiz.
📌Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tamizki, talabalarning ijara shartnomalari uchun to‘lovlariga ajratilgan mablag‘lar universitetning boshqa xarajatlari uchun sarflanishi Qonunchilik tomonidan ta’qiqlangan.