Ayni damda Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-sonli Akademik litseyida “Oliy tibbiy ta’limni rivojlantirishda raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlari, erishilgan yutuqlar” mavzusida o‘quv-uslubiy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori, professor Baxtiyor Maxkamov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayev, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuxrat Boymuradov, shuningdek, Yangi O‘zbekiston universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Bahodir Ahmedov ishtirok etmoqda.
Anjuman davomida sun’iy intellekt asosidagi ta’lim yechimlari, oliy tibbiy ta’limda raqamli platformalar, masofaviy va aralash ta’lim modellari, shuningdek, sohada erishilgan amaliy natijalar yuzasidan ma’ruzalar va taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Mazkur o‘quv-uslubiy anjuman oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash va tibbiy ta’limning raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


