Agar ijodiy yondashgan holda videorolik tayyorlash, maqola yoki sheʼr yozish qobiliyatiga ega boʻlsangiz, bu tanlov aynan Siz uchun!
Sizni 16-sentyabr — Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuniga bagʻishlab Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Ixtirochi ayollar markazi, Global ekologik jamgʻarmasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi tomonidan “OZON — HAYOT UCHUN!” mavzuida joriy yilning avgust-sentyabr oylarida oʻtkazilayotgan ijodiy ishlar onlayn tanloviga taklif etamiz.
Tanlovning maqsadi:
- Tanlov orqali ozon qatlamini himoya qilish toʻgʻrisida aholining xabardorligini oshirish hamda ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini saqlashga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish;
- tanlov ishtirokchilarini ozon qatlamining ahamiyati va ozon qatlamining yemirilishi oqibatlari haqidagi fikrlarni jamoatchilikka yetkazish;
- ishtirokchilarni bugungi karantin davrda boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanish va ragʻbatlantirish.
“OZON — HAYOT UCHUN!” mavzuidagi ijodiy ishlar tanlovi 3 ta nominatsiya boʻyicha
quyidagi talablar asosida oʻtkaziladi:
- “Eng yaxshi videorolik” nominatsiyasi
Tanlovga ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini himoya qilish, ozon qatlamining ahamiyati va ozon qatlamining yemirilishini oqibatlari haqida tayyorlangan videoroliklar qabul qilinadi. Ishtirokchi tomonidan davomiyligi 3 daqiqagacha boʻlgan videorolik tayyorlanib, #ozon_qatlami_va_men, #ozon_hayot_uchun yoki #mening_oilam_va_ozon_qatlami xeshteglari ostida Facebook, Instagram hamda boshqa ijtimoiy sahifalarga joylashtirilishi va @ozonqatlami_bot telegramm-botiga belgilangan tartibda yuborilishi kerak. Videorolikni baholashda syujetning oʻziga xosligi, kreativ yondashuv, yangicha qarashlar va gʻoyalar eʼtiborga olinadi. Tanlov barcha ishtirokchilar uchun ochiq.
- “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi
Tanlovga jurnalistlar tomonidan chop etilgan ozon qatlamining ahamiyati, ozon qatlamining yemirilishi oqibatlari hamda ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini himoya qilishga bagʻishlab «Ozon — hayot uchun!» rukni ostida yozilgan maqolalar qabul qilinadi. Tanlovga topshiriladigan maqolalar (oʻzbek, qoraqalpoq, rus yoki ingliz tillarida) bosma ommaviy axborot vositalari yoki OAV sifatida rasmiy roʻyxatdan oʻtgan internet nashrlarda chop etilgan boʻlishi kerak. Shuningdek, tayyorlangan maqola #ozon_qatlami_va_men, #ozon_hayot_ uchun yoki #mening_oilam_va_ozon_qatlami xeshteglari ostida Facebook, hamda boshqa ijtimoiy sahifalarga joylashtirilishi lozim.
- “Eng yaxshi sheʼr” nominatsiyasi
Tanlovga ozon qatlamining ahamiyati, ozon qatlami yemirilishining oqibatlari hamda ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini himoya qilishga bagʻishlab (oʻzbek, qoraqalpoq, rus yoki ingliz tillarida) yozilgan sheʼrlar qabul qilinadi. Sheʼrni baholash mezonida gʻoyasining yuqoriligi va mazmunining teranligi, badiiyligi (badiiy tasvir vositalari usullaridan foydalanish qobiliyati, sheʼrning ixchamligi), oʻziga xos ijodiy yondashuv, sheʼrning uslubiy va grammatik tomondan toʻgʻri yozilishiga eʼtibor beriladi. Tanlovga topshiriladigan sheʼr bosma ommaviy axborot vositalari yoki OAV sifatida rasmiy roʻyxatdan oʻtgan internet nashrlarda chop etilgan boʻlishi kerak. Shuningdek tayyorlangan sheʼr #ozon_qatlami_va_men, #ozon_hayot_uchun yoki #mening_oilam_va_ozon_qatlami xeshteglari ostida Facebook hamda boshqa ijtimoiy sahifalarga joylashtirilishi lozim. Tanlov barcha ishtirokchilar uchun ochiq.
TANLOVGA ISH TOPSHIRISH MUDDATI: 2020-yil 3-avgustdan 5-sentyabr soat 18:00 gacha.
Onlayn tanlovda ishtirok etish uchun muallif quyidagi fayllarni bitta elektron papkada arxivlab @ozonqatlami_bot telegramm-botiga yuborishi kerak:
- Ariza shakli - TANLOV ISHTIROKCHISINING ANKETASI.
- Ijodiy ishining elektron shakli:
- “Eng yaxshi videorolik” uchun avi, mp4 yoki mpeg formatdagi videorolik;
- Ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan sheʼr yoki maqolaning PDF formati yoki skaner qilingan nusxasi;
- Maqola yoki sheʼrning internet nashrda chop etilgan manzili;
- Tanlovda qatnashayotgan ishning Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan manzili;
- Pasport (yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma) elektron nusxasi.
Tanlov va ozon qatlami boʻyicha maʼlumotlar bilan tanishish hamda ishtirokchining anketasini yuklab olish uchun www.o3.uz saytiga tashrif buyurishingiz mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun faqat ozon qatlamini himoya qilishga bagʻishlangan ishlar qabul qilinadi. Tanlov mavzusidan tashqari boʻlgan, mavzuga aloqador boʻlmagan ishlar tanlovda ishtirok eta olmaydi. Ijodiy ish muallifi bir kishi boʻlishi kerak. Tanlovga har bir ishtirokchidan faqat bitta ish qabul qilinadi.
Mualliflik huquqlarini berish: Tanlovga ishini yuborgan ishtirokchi mualliflik huquqini tashkiliy qoʻmita va hamkor tashkilotlar tomonidan oʻz ijodiy ishini tarqatish, koʻpaytirish, nusxa olish, nashr etish va foydalanishiga rozilik beradi. Tashkiliy qoʻmita va hamkor tashkilotlar oʻz nashrlarida ishlarning muallifini koʻrsatishga majburdirlar.
Tanlov gʻoliblari hamda faol ishtirokchilari 16-sentyabr — Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kunida eʼlon qilinadi va diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanadilar. Gʻoliblar hamda ularning ishlari haqidagi maʼlumotlar www.o3.uz, www.uznature.uz saytiga va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.
Tanlov yuzasidan barcha savollarga javob olish uchun (93) 171-70-17, (90) 594-24-79 telefon raqamlariga yoki @ozonqatlami_bot telegramm-botiga murojaat qilishingiz mumkin.
Tanlovda qatnashing va gʻoliblar safidan oʻrin egallang!