Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Asil Rashidov

  • Asosiy
  • Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Asil Rashidov

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi hamda oʻzbek adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, taniqli pedagog olim, adibiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov shu yil 15-sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.

 

Asil Rashidov 1930-yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlogʻida tugʻildi. 1954-yili Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni jurnalist mutaxassisligi boʻyicha tamomladi.

1954-1958-yillarda “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasida adabiy xodim, boʻlim mudiri boʻlib ishladi.

1958-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga oʻqishga kirib, 1961-yilda uni muvaffaqiyatli tugalladi va 56 yil davomida ushbu dargohda oʻzbek adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi, dotsenti, professori lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatdi. 1981-yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.

Zahmatkash olim oʻz faoliyati davomida “Inson va mehnat madhi”, “Soʻnmas yulduzlar”, “Asrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari koʻplab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini koʻrgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bagʻishlangan “Akam haqida” risolasi, “Ezgulikka baxshida umr”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy eʼtirof va ehtiromiga sazovor boʻldi.

Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida oʻziga xos ijodiy maktab yaratgan hassos soʻz sanʼatkori edi. U mashhur qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Boʻtakoʻz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari!”, “Somon yoʻli”, “Oq kema”, “Erta kelgan turnalar”, “Sohil boʻylab chopayotgan olapar”, “Asrni qaritgan kun” singari betakror asarlarini oʻzbek tiliga beqiyos mahorat bilan oʻgirib, xalqimizning badiiy tafakkurini yuksaltirishga ulkan hissa qoʻshdi. Shuningdek, taniqli rus adibi Aleksandr Bekning “Volokolamsk yoʻlida” romani, qirgʻiz adibi Mirzabek Duysenovning “Imtihon” qissasi ham Asil Rashidov tarjimasida oʻzbek kitobxonlariga taqdim etildi.

Ulkan ilmiy-ijodiy va hayotiy tajribaga ega ustoz-murabbiy oʻzining mehnatkashligi va jonkuyarligi, yoshlarga gʻamxoʻrligi, ona yurtga cheksiz mehri va sadoqati bilan mamlakatimiz ziyolilari, madaniy jamoatchilik oʻrtasida haqli ravishda katta obroʻ-eʼtibor qozongan inson edi.

Asil Rashidovning oliy taʼlim tizimi va oʻzbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi” faxriy unvonlari, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mukofoti hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.

Taniqli olim va ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Asil Rashidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va

oʻrta maxsus taʼlim vazirligi,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi