Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, universitet jamoasi va aziz talabalar!
Barchangizni yaqinlashib kelayotgan ulugʻ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Yigirma sakkiz yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi, tom maʼnoda ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.
Ana shu mashaqqatli va sharafli yoʻlda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bogʻlashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yoʻlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati boʻlib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Mana shu oʻtgan vaqt davomida mamlakatimizdagi tub islohot va oʻzgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga toʻla javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi. Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi, albatta.
Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar oʻtadi, lekin xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning oʻzi oʻrtaga qoʻyadigan dolzarb muammolarni yechish yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Siz, azizlarni Konstitutsiyamizning qutlugʻ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, farzandlarimiz hamda yoshlarimiz baxtu kamolini koʻrishni tilayman!
TATU rektori S.Babaxodjayev