Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 23-sentyabr kuni videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ishtirok etdi. Unda muhim mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar ilgari surildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonov “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda ushbu tashabbuslar ahamiyati haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.
2020-yilning 23-sentyabr kuni dunyodagi 50 milliondan ortiq oʻzbek tilida soʻzlashuvchi insonlarning diqqati Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbariga qaratildi. Boisi ushbu yuksak minbarda ilk bor oʻzbek tilida nutq qilindi. Davlatimiz rahbari qator muhim, xususan, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq tashabbus bilan chiqdi.
Qayd etish joiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan boshlab, Markaziy Osiyoni Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi deb eʼlon qildi.
Oʻzbekiston Prezidenti 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida afgʻon muammosini dadil koʻtarib chiqdi. “Aminmizki, Afgʻonistonda tinchlikka erishishning yagona yoʻli – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar oʻrtasida oldindan hech qanday shart qoʻymasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borishdir”, degan edi davlatimiz rahbari. Prezidentimiz fikrini davom ettirib, “Afgʻoniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida boʻlishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlari, birinchi navbatda, Afgʻonistondagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak. Bu jafokash yurtda tinchlik oʻrnatishga koʻmaklashish yoʻlidagi bizning umumiy qatʼiy harakatlarimiz aslo susaymasligi lozim”, deb taʼkidladi.
2018-yil 26-27-mart kunlari boʻlib oʻtgan yuqori darajali Toshkent konferensiyasi esa xalqaro hamjamiyat eʼtiborini Afgʻoniston masalasiga qayta qaratish imkonini berdi. Ushbu anjuman sezilarli qarorlar qabul qilinishiga imkon yaratdi.
Oʻzbekiston Prezidenti 2020-yil 23-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida chiqish qilib, “Biz Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz”, deya qayd etdi va bu bilan Oʻzbekistonning ushbu masala boʻyicha intilishlari qatʼiy ekanini namoyish etdi.
Sammit chogʻida Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlikka erishishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tashabbusi taqdim etildi: “Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozim. Ushbu qoʻmitaning asosiy vazifasi Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarur”, dedi Prezidentimiz.