Dilshod Rahmatov boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bugun tunda Bahraynga – III Osiyo yoshlar o‘yinlariga jo‘nab ketadi. Safar oldidan o‘smirlarimiz oldindan rejalashtirilgan Qirg‘izistonlik tengqurlariga qarshi ikkinchi ko‘rik nazorat uchrashuvini o‘tkazishdi. O‘yin Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport zalida bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun muqaddam mazkur jamoalarning birinchi uchrashuvida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yirik – 8:2 hisobida g‘alaba qozongan edi. Bugungi bahsda esa Dilshod Rahmatov boshchiligidagi murabbiylar shtabi o‘smirlarimizni safar oldidan kutilmagan jarohatlarga duchor bo‘lmasligini ta’minlash maqsadida o‘ta ehtiyotkor o‘yin taktikasini tanlashdi. Asosan ko‘proq to‘pni nazoratda ushlash, raqibning tezkor qarshi hujumlarini kutib olish, standart vaziyatlardan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaslik, o‘z navbatida tashabbusni qo‘lga olib, kutilmagan kombinatsiyalarni amalga oshirish, jamoaviy o‘yinni kuchaytirish kabi ishlanmalarga ko‘proq urg‘u qaratildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasidagi ikkinchi nazorat uchrashuvida 2:2 hisobidagi durang natija qayd etildi.








