Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi 5850 Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi “Oʻzbek tilini davlat tili sifatida kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab quvvatlash, oʻqitish metodikasini takomillashtirish boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan vazifalardan kelib chiqib, 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan 2020-yil 28-oktabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻqitish masalalari: muammo va yechimlar” mavzusidagi Respublika (onlayn) ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Anjuman quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ish olib bordi:
- Nazariy va amaliy tilshunoslik masalalari.
- Oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish metodikasi.
- Davlat tili va til taraqqiyotida AKTning roli.
- Madaniyatlararo muloqot va oʻzbek tili taraqqiyoti.
Tadbir tashkilotchisi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Oʻzbek va rus tillari” kafedrasi.
Tadbir jarayonida Toshkent moliya instituti oʻzbek va rus tillari kafedrasi professori N.Husanov, Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsentlari N.Alovutdinova va M.Abduraxmonova, Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti pedagogika fanlari falsafa doktori (PhD) Z.Salisheva, Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti G.Keldiyorova, Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti dotsenti N.Jiyanova hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi axborot kommunikatsiya texnologiyalari harbiy instituti podpolkovnigi V.A.Bogatov ishtirok etishdi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada oʻzbek tilining oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish muammolari, ilmiy va metodik istqibollari muhokama qilindi.
TATU matbuot xizmati